AQSh Grenlandiya ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda
Ekspertlar fikricha, Vashingtonning Grenlandiyaga nisbatan ehtimoliy yondashuvi Venesuelada qo‘llangan usullardan tubdan farq qiladi.

AQSh hukumati yaqin oylarda Grenlandiya ustidan nazoratni o‘rnatishga qaratilgan siyosiy choralarni faollashtirishi mumkin. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur harakatlar AQShda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar yoki 4-iyul — Amerika mustaqilligining 250 yilligi arafasiga to‘g‘ri kelishi ehtimoldan xoli emas.
Yevrosiyo guruhi tahlil markazining Yevropa bo‘limi boshqaruvchi direktori Mujtaba Rahmonning fikriga ko‘ra, Vashingtonning Grenlandiyaga nisbatan ehtimoliy yondashuvi Venesuelada qo‘llangan usullardan tubdan farq qiladi.
Ekspertning ta’kidlashicha, AQSh mavjud siyosiy muvozanatni o‘zgartirish maqsadida keng ko‘lamli siyosiy ta’sir kampaniyasini ishga solishi mumkin. Jumladan, harbiy va fuqarolik nazoratini kuchaytirish yo‘lida mahalliy siyosatchilar bilan aloqalarni mustahkamlashga urinishlar ehtimoli ham istisno etilmaydi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlar uchun milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim hudud sifatida baholagan edi.
O‘z navbatida, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Grenlandiya qirollikning ajralmas qismi ekanini ta’kidlab, AQShni bosim o‘tkazishdan tiyilishga chaqdi hamda orol ustidan nazorat o‘rnatish urinishlari asossiz ekanini bildirdi.







