AQSH Venesuela neftiga ko‘z olaytirmoqda
AQSH Venesuelada neftni qazib olishni kengaytirishni 18 oy ichida yakunlashi mumkin.

AQSH Venesueladagi neft infratuzilmalari ta’mirlashga va modernizatsiya qilishga yordam bermoqchi, evaziga esa AQSH hokimiyatida Venesuela neftidan o‘z ulushini oladi. Bu haqda Donald Tramp “NBC News”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Trampga ko‘ra, AQSH Venesuelada neftni qazib olishni kengaytirishni 18 oy ichida yakunlashi mumkin. Biroq, buning uchun AQSH “katta mablag‘ sarflash” talab etiladi. Shunga qaramay, “Venesuelaga kirgan konsernlar“ keyin bizdan yoki tushum (daromad) hisobiga kompensatsiya oladi”, dedi Tramp.
Reuters agentligining 5-yanvar kungi xabariga ko‘ra, AQShning yirik neft kompaniyalari — Exxon Mobil, ConocoPhillips va Chevron — prezident Trampning Venesuelada faoliyatni kengaytirish chaqiruviga tez javob bermayapti. Oldin bu kompaniyalar Venesuelada yirik investor bo‘lgan bo‘lsa-da, 2000-yillar o‘rtalarida mamlakat hukumati neft sohasini milliylashtirgan. Natijada Venesuelaning neft qazib olish hajmi o‘zining oldingi eng yuqori darajasining uchdan biriga tushib ketgan va AQSh sanksiyalari ham jarayonga ta’sir qilgan.
Soha tahlilchilari Reuters’ga aytishicha, Amerika kompaniyalarining Venesuelaga qaytishiga bir qancha to‘siqlar mavjud. Ulardan asosiylari — mahalliy infratuzilmaning eskirganligi, siyosiy barqarorlikning noaniqligi, AQSh kompaniyalarining Venesuelada qonuniy jihatdan ishtirokini kafolatlash masalasi va harbiy operatsiyadan keyingi Vashington siyosatining kelajakdagi yo‘nalishi.
Shunga qaramay, neft sanoati vakillari Venesueladagi zaxiralarga kirish va ularni saqlab qolish imkoniyatiga ishonch bildirmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatda faoliyatini davom ettirgan yagona yirik Amerika kompaniyasi Chevron aksiyalari 5-yanvar kuni 5 foizga oshgan. Shu kuni Marathon Petroleum, Phillips 66 va Valero Energy aksiyalari ham 3–9 foizga qimmatlashgan. Yondosh xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar — Baker Hughes, Halliburton va SLB — aksiyalari ham o‘sish ko‘rsatmoqda.
AQShning harbiy operatsiyasidan so‘ng, Nikolas Maduro qo‘lga olingach, Venesuela davlat rahbari vazifasini avval vitse-prezident bo‘lgan Delsi Rodriges bajarishga kirishdi. Mahalliy konstitutsiyaga ko‘ra, vaqtincha rahbar 30 kun ichida yangi prezident saylovi sanasini belgilashi kerak, biroq Tramp bu jarayon sodir bo‘lmasligini aytmoqda. Oq uy rahbari NBC News’ga bergan intervyusida: “Avvalo, biz mamlakatni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishimiz kerak. Saylov o‘tkazib bo‘lmaydi,” dedi.
Rodriges Maduro qo‘lga olinganidan keyingi chiqishlarida, avvalo sadoqatini namoyon qilgan, shuningdek AQShni “tinchlik va hamkorlik”ka chaqirgan. Tramp esa o‘z navbatida, agar Vashington bilan hamkorlik qilinmasa, Rodriges “yuqori narx to‘lashi” mumkinligini bildirdi.







