Oʻzbekistonda ulushli qurilishda qoidabuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda
Qoidabuzarlar 247 million so‘mgacha jarima yoki qamoq jazosiga tortilishi mumkin.

O‘zbekistonda ulushli qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish hamda ushbu yo‘nalishdagi qoidabuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda. Qoidabuzarlar 247 million so‘mgacha jarima yoki ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqilgan qonun loyihasi ulushli qurilish sohasini tartibga solishni kuchaytirish hamda depozit hisobvaraqlarini joriy etishga qaratilgan.
Xususan, Jinoyat kodeksini 188-2-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Ushbu modda ko‘chmas mulk huquqlari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan holda ulushli ishtirok shartnomalarini tuzish kabi noqonuniy ravishda mablag‘ jalb qilish holatlarini nazarda tutadi.
Birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun 123,6 million so‘mdan 164,8 million so‘mgacha jarima, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi belgilanishi mumkin. Takroran sodir etilgan, guruh bo‘lib amalga oshirilgan yoki katta miqdorda zarar yetkazilgan holatlar uchun 164,8 million so‘mdan 247,2 million so‘mgacha jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi hamda muayyan huquqlardan mahrum etish nazarda tutilmoqda.
Agar yetkazilgan zarar juda katta miqdorda deb topilsa, huquqbuzar 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Xuddi shunday jazo uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan harakatlar uchun ham qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, qonun loyihasida qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslarni, aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan taqdirda, javobgarlikdan ozod qilish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, maxsus vakolatli organlarga ma’muriy jazo choralarini qo‘llash huquqi berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Yagona uy-joy qurilishi axborot tizimiga ma’lumot joylashtirmagan mansabdor shaxslarga 28,84 million so‘m miqdorida jarima solinadi. Loyiha hujjatlariga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritish esa 41,2 million so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi.








