Men bo‘lmaganimda, Rossiya Ukrainani to‘liq nazorat qilgan bo‘lardi — Tramp
AQSH prezidenti NATO, Rossiya va Ukraina bo‘yicha keskin bayonot bilan chiqdi.

AQSH prezidenti Donald Trampning taʼkidlashicha, agar u jarayonga aralashmaganida, Rossiya allaqachon butun Ukrainani nazorat qilgan bo‘lardi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Trampning bildirishicha, uning birinchi prezidentlik muddati boshlanishidan avval NATOga aʼzo davlatlarning aksariyati mudofaaga yalpi ichki mahsulotining 2 foizi yoki undan kam qismini ajratgan, asosiy moliyaviy yuk esa AQSH zimmasida bo‘lgan. Uning aytishicha, aynan uning tashabbuslari natijasida alyans doirasida mudofaa xarajatlari bo‘yicha talablar 5 foizgacha oshirilgan va bunga barcha ittifoqchilar tez fursatda rozi bo‘lgan.
“Men bo‘lmaganimda, Rossiya hozir butun Ukrainani nazorat qilgan bo‘lardi. Men sakkizta urushni yolg‘iz o‘zim yakunladim. Millionlab insonlarning hayoti saqlab qolindi”, — deya yozdi Tramp.
Shuningdek, u NATOning ayrim aʼzolari tomonidan Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilmaganini tanqid qilib, bu holatni ahmoqlik deb baholadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSHsiz Rossiya va Xitoy NATOdan cho‘chimagan bo‘lardi.
“Biz NATOni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, hatto zarur paytda ular bizni qo‘llay olmasalar ham. Bugun Rossiya va Xitoy hurmat qiladigan va qo‘rqadigan yagona davlat — bu Tramp davrida qayta tiklangan Amerika Qo‘shma Shtatlaridir”, — dedi u.







