O'zbekiston

“Boshliq bo‘lgani uchun yo‘q deya olmadim” — Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi Jizzax viloyati filialida 864 mln so‘m pul mablag‘i talon-toroj qilindi

G‘aznachi bo‘lib ishlagan shaxs tibbiyot muassasasida pullik xizmatlardan foydalangan jami 2 121 nafar fuqaroning mablag‘larini o‘zlashtirgan. Shundan so‘ng u kamomadni yashirish uchun 74 nafar mijozga qalbaki chiqim orderlarini rasmiylashtirgan. Qolaversa, boshqa qonun buzilishlariga ham yo‘l qo‘yilgan.

“Boshliq bo‘lgani uchun yo‘q deya olmadim” — Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi Jizzax viloyati filialida 864 mln so‘m pul mablag‘i talon-toroj qilindi

 

 

RID va KIATM Jizzax viloyati filiali hisobchisi katta miqdordagi pul mablag‘ini o‘zlashtirib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro N.O. tibbiyot muassasasida 2023 yilda g‘aznachi lavozimida ish boshlagan. U dastlab 2024 yilda filial rahbarining bir martalik moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida xodimlarga ajratilgan qariyb 21 mln so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan. Hisobchi esa yordam pulini olganliklari yuzasidan xodimlardan imzo olib qolgan.

 

Guvohlarning qayd etishicha, filial rahbari Xayitboyev 27 nafar xodimga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik moddiy rag‘bat puli ajratgan. Mablag‘lar naqd shaklda berilishi kerak bo‘lgan, ammo ayrim hollarda Xayitboyev xodimlarni xonasiga chaqirib, oshxona qurilishi uchun pul yetishmayotganini aytib, pullarni oldim degan to‘lov topshiriqnomasiga imzo qo‘yishni so‘ragan. Shifokorlar esa boshliq aytgani uchun yo‘q deyolmagan. Xayitboyev esa suddagi ko‘rsatmasida bu holatlarni rad etgan.

 

Sudlanuvchi N.O.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, bosh hisobchi bir necha holatda xodimlarga mehnat taʼtili uchun ortiqcha pul hisoblab chiqqan. Bu holat xodimlarning ish stajini yuqori ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

 

Qolaversa, tibbiyot muassasasida davlat xaridlarida ham qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ikki holatda savdoning “tanlov” turi chetlab o‘tilib, “elektron do‘kon” tizimi orqali xarid amalga oshirilgan. Oqibatda, bir xil xizmat uchun ikki yoki uchta shartnoma asosida xaridlar qilingan va qariyb 68 mln so‘m ortiqcha mablag‘ sarflangan.

 

Eng yirik o‘zlashtirish holati 2025 yil 1 yanvardan 11 iyulga qadar bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Sud hujjatiga ko‘ra, ushbu vaqt mobaynida shifoxonaga pullik tibbiy xizmatlardan 3 mlrd 926 mln 386 ming so‘m mablag‘ tushgan. Shundan 2 mlrd 939 mln 437 ming so‘mi filialning hisob raqamiga o‘tkazilgan. Shuningdek, 7 oy davomida ovqat uchun 116 mln 644 ming so‘m to‘lov qilingan. Natijada, naqd ko‘rinishidagi 864 mln 418 ming so‘m pul mablag‘i bankka kirim qilinmagan.

 

Sudlanuvchi N.O. dastlab filial rahbari va bosh hisobchi bilan pullarni bo‘lishib olganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “javobgarlar qancha ko‘p bo‘lsa, to‘lov qiluvchilar shuncha ko‘payadi” degan fikrga asoslangan. Ammo suddagi ko‘rsatmasida mablag‘larni bir o‘zi shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborganini bildirgan.

 

Tekshiruvlarda kamomad aniqlangach, Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi Jizzax viloyati filiali direktori Xayitboyev boshqa hisobchi Maxammatovaga masalani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan. Shundan so‘ng ikki hisobchi kamomadni yashirish maqsadida tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan 74 nafar bemor nomiga soxta chiqim orderlarini rasmiylashtirib, ularni direktorga tasdiqlatgan.

 

Fuqaroviy daʼvogarning bildirishicha, sudlanuvchi yirik miqdordagi o‘zlashtirish ishida Xayitboyev va hisobchi Maxammatova bilan til biriktirgan. Daʼvogar aybdorlar tomonidan 879 mln 309 ming so‘m zarar viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamiga to‘liq qoplanganini maʼlum qilib, suddan sudlanuvchiga qonuniy yengillik so‘ragan.

 

Filial rahbari suddagi ko‘rsatmasida xodimlarga tayinlangan moddiy yordam pullarini olmaganini, biroq soxta chiqim orderlarini tasdiqlaganini maʼlum qilgan. U odamlarning pullari qaytarilmaganidan bexabar bo‘lganini aytgan.

 

2026 yil 6 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumani sudi mazkur ish bo‘yicha N.O.ni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, u 1 yil muddatga davlat ulushi mavjud bo‘lgan barcha turdagi tashkilotlarda g‘aznachilik bilan bog‘liq mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi. Shuningdek, ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Har ikki jazo alohida ijro etiladi.

 

Bundan tashqari, Jizzax viloyati prokuraturasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 879 mln so‘m pul mablag‘ining 14 mln 891 ming so‘mi davlat daromadiga o‘tkazilib, 864 mln 418 ming so‘mi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax viloyati filiali hisob raqamiga o‘tkazilishi belgilandi.

 

                                                                                                                        Shahzod O‘roqboyev tayyorladi

custom img

Toshkent va Farg‘onada 8 kilogrammga yaqin gashishning tarqalishi to‘xtatib qolindi

Sirdaryodan noqonuniy suzib o‘tgan shaxs va yana bir necha fuqaro qo‘lga olindi.

custom img

Oʻzbekistonda bir yil ichida hokimning 252 yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi

Sudlar mansabdor shaxslar ishtirokidagi 153 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

custom img

Pokistondan O‘zbekistonga ilk charter yuk reysi orqali 17 tonna go‘sht olib kelindi

Havo yuk tashish hajmi bosqichma-bosqich 100 tonnagacha oshirilishi rejalashtirilgan.

custom img

Angrenda voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan 4 shaxs 7–12 yilga qamaldi

Jinoyat 2025-yil aprel oyida sodir bo‘lgan.

custom img

Toshkentda FVB xodimi 1500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi

U korxona rahbaridan yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.

custom img

Xalq qabulxonalari tizimi yangilanadi: arizalarni qabul qilishdan tashqari muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘ladi

Yangi tizim doirasida hokimlik, banklar, shahar bandlik va MIB bo‘limlari hamkorligida fuqarolar tadbirkorlikka jalb qilinadi, ishsizlar hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiriladi.

custom img

“Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifati bo‘yicha noroziliklar ko‘p”

Prezident bu borada eng ko‘p ariza tushgan hududlarda xodimlarning kasbiy va muomala madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitish shartligini aytdi.

custom img

“Sergelidagi ko‘prik muammosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin unga yechim berildi” — Prezident

Shuningdek, Toshkent shahrida 170 ming va Toshkent viloyatida 110 ming murojaatning yarmidan ko‘pi yechimini topmagan. Surxondaryo, Samarqand, Toshkent shahrida takroriy murojaatlar ko‘paygan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"