Qozog‘istonda deepfake va yolg‘on kontentlarga qarshi fatvo chiqarildi
Sun’iy intellekt orqali yolg‘on axborot tarqatish shariatga zid deb topildi.

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMMI) sun’iy intellektdan foydalangan holda yaratilgan soxta videolar va yolg‘on axborotlarni tarqatishni taqiqlovchi fatvo chiqardi. Bu haqda NUR.KZ nashri xabar berdi.
Diniy idora izohiga ko‘ra, Islom ilm-fan va texnologiyalar rivojini inkor etmaydi. Biroq har qanday texnologik taraqqiyot insonparvarlik, adolat va axloqiy qadriyatlarga asoslanishi hamda shariat me’yorlari doirasida amalga oshirilishi lozim.
QMMI ta’kidlashicha, texnologiyalardan yaxshi va foydali maqsadlarda foydalanish joiz hisoblanadi, ammo ularni zarar yetkazish, yolg‘on tarqatish yoki odamlarni chalg‘itish uchun ishlatish qat’iyan man etiladi.
Fatvoda xususan deepfake texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgan. Unda kimnidir aytmagan gapini aytgandek yoki qilmagan ishini qilgandek ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatish shariat nuqtayi nazaridan qat’iyan taqiqlanishi qayd etilgan. Bunday harakatlar jamiyatda ishonchsizlik, nizo va beqarorlikka olib kelishi, mamlakat tinchligi va birligiga putur yetkazishi mumkinligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, deepfake kontentlar odamlarni qo‘rqitishi, ularning obro‘si va hayot xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Mazkur fatvo bilan Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi musulmonlarni sun’iy intellekt asosida yaratilgan soxta kontentlar orqali odamlarni aldash va yolg‘on axborot tarqatishdan tiyilishga chaqirdi.







