Qozog‘istonda alkogol savdosiga cheklovlar joriy erilishi mumkin
Hozirda Qozog‘istonda 429 ta qishloq alkogoldan butunlay voz kechgan.

Qozog‘istonda alkogol isteʼmolini cheklash va uning savdosi ustidan nazoratni kuchaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Majlis deputati Magerram Magerramovning taʼkidlashicha, spirtli ichimliklar mamlakatda jinoyatchilikning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolmoqda va bu holat har yili davlatning eng muhim boyligi — inson salohiyatining yo‘qotilishiga olib kelmoqda.
Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, deputat Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga tayanib, og‘ir jinoyatlarning katta qismi mast holatda sodir etilishini qayd etdi. Xususan, mamlakatda har ikkinchi qotillik, har uchinchi zo‘rlash va bezorilik, shuningdek, har to‘rtinchi talonchilik jinoyati spirtli ichimlik taʼsirida sodir etiladi. Yo‘l-transport hodisalari va oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning yarmidan ko‘pi ham mast holatda amalga oshiriladi.
Deputat ommaviy axborot vositalarida voyaga yetmaganlarning mast holda jamoat tartibini buzishi bilan bog‘liq xabarlar muntazam uchrayotganini ham alohida taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chakana savdo nuqtalarining haddan tashqari ko‘pligi ularni to‘liq nazorat qilishni qiyinlashtirmoqda va bu holat jinoyatchilik xavfini oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Qozog‘iston Xalq partiyasi fraksiyasi jinoyatchilikning oldini olishga yondashuvni o‘zgartirish va alkogol bozorini qatʼiyroq tartibga solishni taklif qilmoqda. Xususan, bolalar bog‘chalari va taʼlim muassasalaridan 100 metr masofada spirtli ichimliklar sotishni taqiqlovchi avvalgi normani qayta tiklash, shuningdek, alkogol mahsulotlarini sotuvchi chakana savdo shoxobchalari sonini cheklash taklif etildi.
Deputat alkogolli ichimliklarni majburiy raqamli yorliqlashni joriy etish tashabbusini ham ilgari surdi. Uning fikricha, bu noqonuniy savdoni samarali monitoring qilish va jinoyatchilikning oldini olishda muhim vosita bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, alkogol mahsulotlarini faqat maxsus belgilangan joylarda sotish, boshqa hududlarda savdoni taqiqlash, chakana do‘konlarda soat 20:00 dan keyin, kafe va restoranlarda esa 22:00 dan keyin spirtli ichimliklar savdosini to‘xtatish hamda onlayn alkogol savdosini to‘liq taqiqlash taklif qilindi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda hozirda 429 ta qishloq alkogoldan butunlay voz kechgan. Xususan, Aqtobe viloyatida 33 ta, Qizilo‘rda viloyatida 18 ta qishloq hushyor turmush tarzini tanlagan. Atyrau viloyatining 53 ta qishlog‘ida esa alkogol savdosi taqiqlangan bo‘lib, so‘nggi ikki yil ichida bu hududlarda birorta ham huquqbuzarlik qayd etilmagan. Mazkur tajribani butun mintaqa bo‘ylab kengaytirish rejalashtirilmoqda.







