Tashqi siyosat borasida 2025-yil ko‘p jihatdan natijador bo‘ldi — Shavkat Mirziyoyev
Prezident raisligida tashqi siyosat va diplomatik faoliyat samaradorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tashqi siyosat yo‘nalishidagi vazifalar va diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbari yig‘ilishni ochib, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda davlatlar suverenitetiga tahdid va xavf-xatarlar kuchayib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy tahlil qilish, Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini zamon talablari asosida qayta tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Prezident 2025-yil tashqi siyosat borasida ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini ta’kidladi. Xususan, o‘tgan yil davomida 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. O‘zbekistonning yangi tarixida ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay davlatlari rahbarlarining mamlakatimizga rasmiy tashriflari tashkil etildi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar samarali kechgani alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
Prezident ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning umumiy soni 60 taga yetdi. Diplomatik aloqalar o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 tani tashkil etdi.
Yig‘ilishda elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari kengaytirilgani, Tashqi ishlar vazirligi hamda diplomatik xodimlarning oylik ish haqi oshirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Prezident barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanayaptimi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Diplomatlar faoliyatini baholashda asosiy mezon natija ekanini qat’iy ta’kidladi.
Davlat rahbari elchi faqat siyosiy muloqot olib boruvchi shaxs emas, balki investitsiya va texnologiyalarni jalb qiluvchi, eksport bozorlarini ochuvchi, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantiruvchi, turistlar oqimini ko‘paytiruvchi, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan va eng muhimi, xorijdagi fuqarolar huquqlarini himoya qiladigan davlat vakili ekanini alohida qayd etdi.
Shu munosabat bilan endilikda elchilarning faoliyati ular ishlayotgan davlatdan eksport tushumlari hajmi, turistlar oqimi, shuningdek, fuqarolarimizni qonuniy ish o‘rinlariga joylashtirish ko‘rsatkichlari asosida KPI orqali baholanadigan bo‘ldi.







