O'zbekiston

"Binomiz yoqqan bo‘lsa, olishsin, lekinfaoliyatimiz tugatilmasin"- Toshkentdagi yagona o‘zbek tili litseyi saqlab qolinadimi?

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litsey faoliyati tugatilayotgani eʼtirozlarga sabab bo‘lmoqda.

"Binomiz yoqqan bo‘lsa, olishsin, lekinfaoliyatimiz tugatilmasin"- Toshkentdagi yagona o‘zbek tili litseyi saqlab qolinadimi?

O‘zbek-fransuz universiteti prezidentning tegishli qarori asosida tashkil etilyapti. Hujjatda oliy taʼlim muassasasining asosiy yo‘nalishlari, tegishli chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra, yangi oliygoh litsey hududidagi binolardan  bepul foydalanadi,  obektlar davlat budjeti hisobidan taʼmirlanib,  jihozlanadi hamda litsey faoliyati 2027 yilgacha tugatiladi. Mazkur qarordan keyin o‘qituvchilarda nega aynan ularning litseyi tanlangani haqida eʼtirozlar paydo bo‘ldi.

 

 

Xususan, Vaqt.uz nashriga gapirgan o‘qituvchilar, litsey yuqori natija ko‘rsatayotganini, shu yerdan jamiyat uchun yaxshi kadrlar chiqqanini aytgan.    Avvaliga bu kabi eʼtirozlarga javoban Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova Gazeta.uzga bergan munosabatida litseyni tugatish davlat tiliga eʼtiborsizlik emasligini bildirgan.

 

13 yanvar kuni Zamon.uz muxbiri  mavzuni o‘rganish uchun litseyga bordi. O‘qituvchilar taʼlim dargohini shu holatga keltirguncha katta zahmat chekishganini, sarflangan mablag‘lar isrof bo‘lishini,  kuchli jamoa tarqalib ketishini aytdi. Shu kuni o‘qituvchilarni eshitish uchun yangi O‘zbek-Fransuz  hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorlari, shuningdek Toshkent shahar Oliy taʼlim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Javlonbek Xo‘jamqulov keldi. Ular o‘qituvchilarning eʼtirozlari va takliflarini  eshitdi.

 

“Mayli, binomiz yoqqan bo‘lsa, olishsin, lekin faoliyatimiz davom esin. Bitta yangi universitetning ochilishiga biz qarshi emasmiz. Umuman, bizga yaxshi. Masalan, xorijdan qancha investitsiyalar kirib kelyapti, xorijiy tajribalarni o‘rganganimiz juda ham yaxshi. Lekin nimaga litsey tugatilishi kerak? Mayli, binomiz yoqqan bo‘lsa, biz boshqa joyga ham borib o‘qitishimiz mumkin-ku. Yutuqlarga erishgan o‘quvchilarimiz bor.  Masalan, “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lgan Avazova Sevinch - bizning o‘quvchimiz. Kambag‘al oiladan chiqqan o‘quvchi, uning fundamentini qilib berganmiz. Bundan tashqari. bizning litseydan chiqqan qancha-qancha o‘quvchilar davlat tizimidagi joylarda boshliq lavozimlarida ishlab yotibdi. Bu yerga qancha mehnatimiz singan. Shu darajaga yetguncha oilamizdan voz kechib, ishlaganmiz. Boshqa joyda davom ettiraylik. Butun katta bir Toshkent shahrida  bironta bir bino yetishmaydimi?”, - deydi litsey direktori o‘rinbosari Dilbar Aliqulova.

 

“Shu litseyda  faoliyatimni 2012 yildan beri olib boraman. Umrim deyarli shu yerda o‘tgan. Har bitta kirgan guruhimga o‘zbek tilini o‘rganmasdan turib, boshqa tilni o‘rganish o‘rinli emasligini taʼkidlab borganman.

 

Birinchi o‘zbek tili grammatikasini chuqur o‘rgan, keyin boshqa tilni yaxshi o‘rgansang, samarasi tezroq bo‘ladi. Yaʼni ikki karra tez natija beradi, deb o‘rgatganman.

 

Malaka toifam bor, sertifikatim bor, ishsiz qolmayman. Faqat bitta narsa: bu yerda o‘zbekona muhit bor, sharqona muhit bor. Buni qaysi litseydan topaman? Vazirlikning bizga yuborgan xatida 23 ta litsey bor deyilgan. O‘quvchilarning kelajagi o‘ylangan, to‘g‘ri. Lekin biz qachon o‘zbek tili nufuzini xalqaro maydonga olib chiqamiz? Nega 23 ta litseydan birinchisi tanlanmadi, uchinchisi tanlanmadi? Hozir maqsadsiz ishlayapman, o‘quvchilarga ertangi kun haqida gapira olmayapman. Yopiladi degan narsa bor. Hozir bizni yosh boladay aldab qo‘yish bo‘ladi, yopiladi, keyin ochilishi mumkin. Biz ungacha tarqab ketamiz”- deydi Vasila Ismoilova.

 

Biroq, ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi qo‘ygan savollar javobsiz qoldi.

 

“Qaysi o‘rta maxsus taʼlim tizimida o‘zbek filologiyasi bor? Biz aytamiz, ko‘chalarni boshqa tillar bosib ketyapti yoki o‘quvchilar hammasi xato tilda gapiryapti, o‘zbek tilida yoza olmayapti, deb. Biz tayyorlab beramiz-ku shuni. Vazirlik bergan munosabatda o‘zbek tiliga eʼtiborni pasayishi deb tushunmaslik kerak, deyapti. U eʼtiborning pasayishi emas, umuman eʼtiborsizlik bo‘lyapti. 2025 yil 28 iyunda prezidentning yoshlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘shanda aytib o‘tgan ekan, o‘shani o‘qib qoldim, 73 ta litseyda xalqaro bakalavriat va A-level dasturlari bo‘yicha dasturlar ishlab chiqiladi va o‘sha dasturlar asosida o‘qigan o‘quvchilar oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi, deb. O‘sha litseyning ichida biz ham bo‘lishni xohlaymiz.

 

 Bizning talabimiz va taklifimiz mana shu litsey yopilmasin. Nimaga bitta universitet, qaysidir chet elning universiteti tashkil etilib, uning o‘rniga biz yopilishimiz kerak? Ikki-uch yil oldin muzlab turardi, isinish uchun narigi xonaga borib kirib kelardik. Lekin shu kapital remontga necha yildan beri tushmagan. Yaqinda litsey taʼmirlandi, unga 5 mlrd so‘m ketdi. Uvol bo‘ladimi?”, - deydi tarix fani o‘qituvchisi Dilnoza Atajanova.

 

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov yig‘ilishda iloji boricha litseyni saqlab qolish kerakligini aytdi. Shundan so‘ng u “Nechta odam tayyorlab berdinglar bizga?”- deya o‘qituvchilarga yuzlandi. O‘qituvchilar esa bu borada o‘quvchilarga taklif berolmasligini bildirdi.

 

“Mening vazifam o‘quvchiga “Alisher Navoiyga kir, Jahon tillariga kir” deyish emas. Vazifam o‘quvchiga o‘zbek tilini chuqur o‘rgatib, o‘sha qon-qoniga singdirib yuborish. Agar Jahon tillariga kirsa ham, o‘sha ingliz tilidan o‘zining o‘zbek tilini ustun qo‘yishni o‘rgataman. Balki endi o‘sha qiziqishni kuchaytiramiz. Hali endi o‘sib kelayotgan daraxtni “meva bermas ekansan” deb turib oldindan hech kim taxmin qila olmaydi-ku”, - deydi Ismoilova.

 

“Bu litsey xuddi podkursga o‘xshagan narsa bo‘ladi. Shu yerda o‘qiganning hammasi bizga qarab kirishi kerak. Bizning fakultetlarimizga moslangan yo‘nalishlar bo‘lishi kerak. Mana, ko‘rib kelyapmiz necha yildan beri hammasi Jahon tillariga kiradi. Chunki Jahon tillari universiteti bizning universitetimizdan obro‘liroq. Bolalarni zo‘r tayyorlaysizlar. 90% dan ziyodi kiryapti. Lekin statistikani olib ko‘ringlar, qayerga kiryapti? Biz kadrni tayyorlab beryapmiz boshqa universitetlar uchun. Siz aytyapsiz: “Bu bizning vazifamiz emas”. Biz ayta olmaymiz qayoqqa kir deb. Unda nima kerak ixtisoslashgan litseylar?

 

Men sizlar tarafdaman. Men bitta binomni olib ketayotganiga xursand bo‘lyapmanmi hozir? Umuman xabarim bo‘lmagan bu gaplardan. Men hozir biror narsa deya olmayman. Bizning qo‘limizdan chiqib  ketgan masala. Vazirlikning vakilidan iltimos qilamiz, ikki yil muddat bor ekan, shu litseyni qoldirish masalasini ko‘rib chiqsinlar. Men o‘ylaymanki, mana shu bo‘lgan voqeadan keyin bular 100% ixtisoslashadi. Chunki bu ham bir saboq bo‘ldi hamma uchun”- deydi Sirojiddinov.

 

Uchrashuv davomida O‘zbek-Fransuz universiteti rektori oliygoh haqida maʼlumot berib, o‘qituvchilarning fikrlarini qog‘ozga tushirdi. Toshkent shahar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Javlonbek Xo‘jamqulov litseyni saqlab qolish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilishini bildirdi.

 

“Hozirda vazirlik darajasida bu taklif o‘rganib chiqilyapti, yaʼni litseyning faoliyatini saqlab qolish. Yuqorida aytganingizdek, hozirda shaharda mavjud bo‘sh yer maydonlari ko‘rib chiqilyapti. Takliflar loyihasi tayyorlangan, bu kiritiladi. Qarorning tashabbuskorlariga biz mana shu yerdagi ahvolni yetkazib, masalani nisbatan oydinroq qilib, sizlarning manfaatlaringizga, davlat, jamiyat manfaatiga hal qilish maqsadida yig‘ilib turibmiz. Umumiy holatni oydinlashtirdik, rahbariyat bundan yaxshiroq xabar topdi va topadi”-deydi Xo‘jamqulov.

 

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov litseyni saqlab qolish va qabulni to‘xtatmaslik kerakligini aytdi.

 

“Shu ikkita narsa bo‘lsa, bo‘ldi. Masalan, biz o‘zimizning universitetdan ham joy topib bera olaman, kerak bo‘lsa”- deydi u.

 

Maʼlumot o‘rnida, litsey bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 2023 yilda — 92,7 foiz, 2024 yilda — 94,3 foiz, 2025 yilda esa 95 foizni tashkil etgan. Hozirda litseyda 300 dan ortiq o‘quvchi taʼlim olmoqda.

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Ikki fuqaro belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirildi.

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Davlat mehnat inspeksiyasi hududlarda monitoring o‘tkazdi.

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

MIB hamda YHXB hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida 9 oyda 2 152 ta avtotransport vositalari vaqtinalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan, shundan 1 856 tasi jarimalarni to‘laganligi sababli jarima maydonchasidan chiqarilgan.

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Hozirgi kunda mazkur ijro hujjatida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilganligi munosabati bilan ijro ishi qonunning 37-moddasiga asosan tamomlangan.

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Ijro harakatlari natijasida qarzdor tomonidan undiruvchi sobiq xodim foydasiga jami 195 mln so‘m to‘liq to‘lab berildi.

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Shu tariqa uch nafar farzandning taʼminoti kafolatlandi.

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro 843 mln  qarziga beparvo munosabatda bo‘lgan.

"Binomiz yoqqan bo‘lsa, olishsin, lekinfaoliyatimiz tugatilmasin"- Toshkentdagi yagona o‘zbek tili litseyi saqlab qolinadimi? | Zamon.uz