U-23 Osiyo Kubogi: Yaponiya Xitoyni yirik hisobda mag‘lub etib, chempion bo‘ldi
Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan musobaqa finalida “samuraylar” raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqaning hal qiluvchi final bahsida Yaponiya va Xitoy yoshlar terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi.
Uchrashuvda Yaponiya terma jamoasi to‘liq ustunlikka erishib, 4:0 hisobida yirik g‘alaba qozondi va oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Bellashuv davomida “samuraylar”ning tezkor hujumlari va mustahkam himoyasi hal qiluvchi omil bo‘ldi.
Yaponiya jamoasi tarkibida Kosey Ogura dubl muallifiga aylandi. Shuningdek, Yuto Ozeki va Ryunosuke Sato ham bittadan gol urib, jamoa g‘alabasiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, Yaponiya U-23 terma jamoasi ushbu natija bilan o‘z tarixida uchinchi bor Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.







