Jahon

AQSh–Eron qarama-qarshiligi: mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri va muzokaralar istiqbollari

Eron va AQSh o'rtasidagi kelishmovchilikka Yevropa davlatlari ham qo'shilmoqda. Isroil va Qo'shma Shtatlar Eronga qarshi shartlarini e'lon qildi. Eronning bu davlatlarga o'z shartlari bor.

AQSh–Eron qarama-qarshiligi: mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri va muzokaralar istiqbollari

So‘nggi yillarda xalqaro munosabatlar tizimida eng dolzarb va bahsli masalalardan biri sifatida AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur qarama-qarshilik Yaqin Sharq mintaqasida keng ko‘lamli beqarorlik xavfini kuchaytirib, global xavfsizlik muvozanatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. AQSh dengiz kuchlari tomonidan “Abraham Lincoln” aviatashuvchisining Arabiston yarimoroliga yuborilishi ushbu ziddiyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Shu bilan birga, keskinlik kuchayganiga qaramay, tomonlarning muzokaralardan butunlay voz kechmagani diplomatik imkoniyatlar saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

 

Muzokaralargacha bo‘lgan siyosiy vaziyat

2026-yil yanvar oyida Eronda yuz bergan yirik ko‘lamli ommaviy norozilik namoyishlari va ularning hukumat tomonidan keskin bostirilishi G‘arb davlatlari, xususan AQSh siyosiy doiralarida Eron jamiyatida tuzumga qarshi kayfiyat nihoyatda kuchaygan degan tasavvurni shakllantirdi. Ushbu holat ma’lum ma’noda Eron rejimining ichki legitimligi zaiflashmoqda degan noto‘g‘ri xulosalarga olib keldi. Ana shunday sharoitda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan “kuch orqali tinchlik” tamoyiliga asoslangan siyosat faollashdi.

 

Bu davrda AQShning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan harbiy mashg‘ulotlarni kuchaytirishi, Eron tomonidan neft tankerlariga bosim o‘tkazish holatlarining ko‘payishi hamda Eron harbiy dronlarining mintaqadagi faolligi keskinlikni yanada oshirdi. Eron Islom Respublikasi oliy rahbari tomonidan bildirilgan “AQSh tomonidan amalga oshiriladigan har qanday hujum mintaqaviy mojaro tusini oladi” mazmunidagi bayonotlar tomonlarni ehtiyotkorlikka majbur etdi. Natijada, muzokaralar o‘tkazish maydoni sifatida nisbatan neytral va ishonchli vositachi bo‘lgan Ummon tanlandi.

 

AQSh va Isroilning asosiy talablari

AQShning harbiy bosimi va aviatashuvchining mintaqaga yuborilishi, asosan, Isroilning xavfsizlik manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. AQSh va Isroilning Eronga nisbatan ilgari surayotgan asosiy talablari quyidagilardan iborat:

1.       Eron yadro dasturini to‘liq to‘xtatishi;

2.       Boyitilgan uranning asosiy qismini (taxminan 70 foizini) mamlakat hududidan olib chiqib ketishi;

3.       Mintaqadagi proksi kuchlar orqali olib borilayotgan siyosiy va harbiy faoliyatni tugatishi.

Mazkur talablar Eronning strategik mustaqilligini cheklashga qaratilgan bo‘lib, Tehron tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid sifatida qabul qilinmoqda.

 

Eronning muzokaradagi pozitsiyasi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining bayonotlariga ko‘ra, Eron muzokaralar jarayoniga prinsipial jihatdan qarshi emas, biroq har qanday harbiy bosimga qat’iy javob qaytarishga tayyor. Eron tomonining asosiy talablari mantiqan quyidagi yo‘nalishlarda jamlanadi:

1. Eronga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish;

2. Mamlakat siyosiy tizimining legitimligini shubha ostiga olmaslik;

3. Uran boyitish masalasida xalqaro kafolatlar asosida murosaviy kelishuvlarga erishish.

Bu talablar Eronning suverenitet va strategik xavfsizlik masalalariga ustuvor ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi.

 

Ummon muzokaralari va ularning natijalari

7-fevral kuni Ummonda AQSh va Eron vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda AQSh tomonidan Uitkof va Kushner, Eron tomonidan esa Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etdi. Rasmiy tafsilotlar ochiqlanmagan bo‘lsa-da, bir qator ommaviy axborot vositalari AQSh muzokaralarda “nol natijali o‘yin” strategiyasini tanlaganini ta’kidladi. Bunga ko‘ra, Eron AQSh talablarini to‘liq qabul qilishi, evaziga sanksiyalar bosqichma-bosqich yumshatilishi taklif etilgan bo‘lishi ehtimoli mavjud.

 

Uchrashuvdan keyingi bayonotlar muzokaralar murosali yakun topmaganini ko‘rsatdi. Aroqchi Eron ballistik raketa dasturidan voz kechmasligini va boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqish masalasi qabul qilib bo‘lmas shart ekanini alohida ta’kidladi. Bu esa keyingi muzokaralarda jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolishini anglatadi.

 

Keyingi rivojlanishlar

Muzokaralardan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qilayotgan davlatlarga 25 foizlik tarif joriy etilishini e’lon qildi hamda harbiy va iqtisodiy bosimni davom ettirishini bildirdi. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQShga tashrifi Eron masalasida strategik muvofiqlashtirish kuchayishini ko‘rsatmoqda.

 

Ehtimoliy harbiy mojaro sharoitida Eronning AQSh hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berish imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, mintaqadagi AQSh harbiy bazalari va Isroil hududiga javob zarbalari berish salohiyatiga ega. Bu esa, ayniqsa, Isroil uchun hayotiy xavf sifatida baholanadi.

 

AQSh–Eron munosabatlari AQShning Iroq yoki Afg‘oniston bilan bo‘lgan aloqalaridan tubdan farq qiladi. Eron mintaqaviy yetakchilikka da’vogar, katta harbiy va siyosiy salohiyatga ega davlat hisoblanadi. Shu bois ikki davlat o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy to‘qnashuv keng ko‘lamli mintaqaviy mojaro xavfini keskin oshiradi.

 

Mazkur sharoitda eng maqbul yechim sifatida muzokaralar raundlarini davom ettirish, to‘xtab qolgan 2015-yilgi bitimning (JCPOA) yangi tahrirdagi yadro kelishuvlarini qayta jonlantirish va Eronning xalqaro izolyatsiyasini bosqichma-bosqich yumshatish ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, mintaqada Eronning vaqtinchalik zaiflashuvidan foydalanishga intilayotgan kuchlar mavjudligi harbiy taranglikning saqlanib qolish ehtimolini yuqori darajada ushlab turmoqda.

 

Saidakbar Shamsiyev

Maktab oldida pichoqli hujum: 8 nafar o‘quvchi jarohatlandi

Maktab oldida pichoqli hujum: 8 nafar o‘quvchi jarohatlandi

15 yoshli qiz maktabga kirayotgan o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qilgan.

Sibirda o‘lat aniqlanmadi: karantindagilarning 60 foizi chiqarildi

Sibirda o‘lat aniqlanmadi: karantindagilarning 60 foizi chiqarildi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat bo‘yicha tadqiqot instituti xodimi vafot etganidan keyin u bilan aloqada bo‘lganlar tekshirildi.

Nigeriyada harbiy samolyot botqoqqa quladi: 25 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyada harbiy samolyot botqoqqa quladi: 25 kishi halok bo‘ldi

Mamlakatda 3 kunlik milliy motam e’lon qilindi.

YI 2027-yil oxirigacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechadi — Fon der Lyayen

YI 2027-yil oxirigacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechadi — Fon der Lyayen

Rossiya gazining YI importidagi ulushi allaqachon 45 foizdan 12 foizgacha qisqargan.

Endi navbat AQSHga: Nyu-Yorkda favqulodda holat e'lon qilindi

Endi navbat AQSHga: Nyu-Yorkda favqulodda holat e'lon qilindi

Shtatda yil boshidan buyon qizamiqning 108 ta holati qayd etilgan.

Makka kelishuvi amalda: Turkiya va Pokiston qo‘shinlarini Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirish choralarini ko'radi

Makka kelishuvi amalda: Turkiya va Pokiston qo‘shinlarini Saudiya Arabistoniga tezkor joylashtirish choralarini ko'radi

Makka va Madinaga qilingan hujumlarga urinishlar hamda Saudiya Arabistonidagi fuqarolik va iqtisodiy obyektlarga tahdidlar qoralandi.

El-Ninyo 347 mln bolaga tahdid solmoqda: UNICEF xavfdan ogohlantirdi

El-Ninyo 347 mln bolaga tahdid solmoqda: UNICEF xavfdan ogohlantirdi

El-Ninyo kuchli toshqinlar, qurg‘oqchilik, suv va oziq-ovqat tanqisligi hamda kasalliklar xavfini oshirishi mumkin.

“Bu juda kichik narx”: Tramp Eron bilan urushda AQSh shaharlari vayron bo‘lishi mumkinligini aytdi

“Bu juda kichik narx”: Tramp Eron bilan urushda AQSh shaharlari vayron bo‘lishi mumkinligini aytdi

Eron bilan mojaroda Los-Anjeles va San-Diegoga zarar yetishi mumkin.

AQSh–Eron qarama-qarshiligi: mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri va muzokaralar istiqbollari | Zamon.uz