Ayollarning sud tizimidagi o‘rni — davlat siyosatining izchil davom etayotgan ustuvor yo‘nalishi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qaror va farmonlar davlat rahbarining mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, sud-huquq sohasida gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil va tizimli tus olmoqda. Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qaror va farmonlar davlat rahbarining mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud tizimida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish vazifasi belgilab qo‘yilishi bejiz emas. Bu ko‘rsatkich oddiy statistik raqam emas, balki sud hokimiyatida gender muvozanatni taʼminlash, qaror qabul qilish jarayonlariga turli ijtimoiy tajriba va qarashlarni jalb etish orqali adolat sifatini oshirishga qaratilgan strategik maqsaddir.
Davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish masalasi doimo ustuvor vazifa sifatida belgilab kelinmoqda. Sud tizimiga nisbatan bunday yondashuv esa islohotlarning chuqur ijtimoiy mazmunga ega ekanini ko‘rsatadi. Zero, sud faqat huquqni qo‘llovchi organ emas, balki jamiyatda adolat, ishonch va qonuniylik muhitini shakllantiruvchi muhim institutdir. Unda ayollar ishtirokining kengayishi esa inson huquqlari, oilaviy munosabatlar, voyaga yetmaganlar ishlari kabi sohalarda yana-da sezgir va muvozanatli yondashuvni taʼminlaydi.
Farmonda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida xotin-qizlar uchun kvotalar joriy etilishi nazarda tutilgani ham davlat rahbarining uzoqni ko‘zlagan siyosati samarasidir. Bu qaror tasodifiy emas, u ayollarning sudyalik lavozimiga tayyorgarlik bosqichidayoq teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini taʼminlaydi. Demak, gender tenglik faqat natijada emas, balki jarayonning o‘zida ham taʼminlanmoqda.
Shuningdek, ayol sudyalar kasbiy hamjamiyatini rivojlantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Bu orqali ayol sudyalar o‘rtasida tajriba almashish, kasbiy qo‘llab-quvvatlash muhitini shakllantirish va yetakchi kadrlar zaxirasini yaratish imkoniyati kengayadi. Bunday institutsional qo‘llab-quvvatlash gender tenglikni mustahkamlashning barqaror mexanizmi hisoblanadi.
Mazkur yondashuvlar davlat rahbarining gender tenglikni taʼminlashga doir siyosatining izchil davomi ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda xotin-qizlarni davlat boshqaruvi organlarida, parlamentda, taʼlim va ilm-fan sohalarida faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sud tizimidagi ushbu yangi tashabbuslar esa ana shu umumdavlat siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, huquqiy sohada ham teng imkoniyatlar tamoyili mustahkamlanayotganini anglatadi.
Sud tizimida gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar davlat rahbari tomonidan bu masalaga strategik ahamiyat berilayotganini tasdiqlaydi. Ayol sudyalar ulushining ortishi sud hokimiyati faoliyatiga yangi sifat, kengroq ijtimoiy qarash va muvozanatli yondashuv olib kiradi. Bu esa o‘z navbatida jamiyatda adolat va ishonch muhitini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining tergov sudyasi Yodgorov Suxrob Amirovich.








