Olmaotada 1-maygacha haydovchisiz taksi xizmatini ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Yandex Kazakhstan bilan hamkorlikda 50 ta haydovchisiz avtomobil bosqichma-bosqich yo‘llarga chiqariladi.

Bahor faslida Qozog‘istonning Olmaota shahrida haydovchisiz taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Kazinform xabariga ko‘ra, loyiha Yandex Kazakhstan kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va 2026-yil 1-maygacha 50 ta haydovchisiz avtomobilni yo‘llarga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida nafaqat Yandex, balki boshqa texnologik kompaniyalar ham jalb etiladi. Shuningdek, inDrive taksi xizmati bilan ham haydovchisiz transportni ishga tushirish bo‘yicha kelishuv imzolangan.
Dastlab, haydovchisiz avtomobillar maxsus poligonda sinovdan o‘tkaziladi, so‘ngra ular kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy nazorat ostida bosqichma-bosqich ish boshlaydi. Yo‘nalishlar va xizmat ko‘rsatish tartibi tajriba loyihasi davomida aniqlashtiriladi.
Hozircha tajribada foydalaniladigan avtomobillar modellari ma’lum qilinmagan. Xizmat narxlari esa bozor sharoitlari, texnologiya va infratuzilma xarajatlaridan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar tomonidan mustaqil belgilanadi.







