Toshkentdagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
“Novza” metro bekati yaqinidagi savdo majmuasining tom qismi yonib, binoning taxminan 800 kvadrat metr maydoniga zarar yetgan.

Toshkent shahridagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 11-fevral kuni “Novza” metro bekati yaqinidagi savdo majmuasining tom qismida yuz bergan. Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borib, binodan barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yong‘in soat 18:19 da to‘liq o‘chirildi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘indan taxminan 800 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan. Yong‘inni o‘chirishga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.
Shu bilan birga, 31-yanvar kuni poytaxtning Yashnobod tumanidagi “Aviator” savdo majmuasida ham yong‘in sodir bo‘lgan va hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan edi.
Hozirda Toshkentdagi yong‘in yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11 va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qidiruv va tergov ishlari davom etmoqda.







