“Ko‘cha hayoti havas qiladigan yo‘l emas” — “Baxti Tashkentskiy”ning akasi intervyu berdi
Qamoqda jazo o‘tayotgan “Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Qudratullayev o‘tmishdagi xatolari uchun pushaymonligini bildirdi.

“Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Qudratullayev intervyu berib, o‘z hayot yo‘li, yo‘l qo‘yilgan xatolar va yosh avlod uchun saboqlar haqida fikr bildirdi.
Qudratullayev so‘zlariga ko‘ra, avvallari u ko‘cha hayotini havas qilgan, biroq vaqt o‘tishi bilan bu yo‘l og‘ir oqibatlarga olib kelishini anglab yetgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘cha hayotini orzu qilish noto‘g‘ri bo‘lgan, chunki shu yo‘l orqali ko‘p narsani — oilani, yaqinlarni, bolalarning yoshlik davrini yo‘qotgan.
“Men 12-yilini zona ichida o‘tayapman, bundan oldin esa 10 yil Jasliqda va 71-koloniyada bo‘ldim. O‘tmish qo‘ymas ekan, yana shu joylarga kelib qoldik. Ko‘cha hayotini havas qilib yashaganmiz, ammo keyin bildik — havas qiladigan narsa emas ekan. Ko‘p narsani yo‘qotdik: jigarlarimizni, oilamizni, bolalarimizning yoshliklarini. Kerakli paytda oilamiz oldida bo‘lolmadik. O‘zimiz sababchi bo‘lib shunaqa joylarga kelib qoldik”, — dedi Qudratullayev.
Shuningdek, u yoshlarga murojaat qilib, ularni to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga chaqirdi: qonun ustuvorligini hurmat qilish, ta’lim olish, mehnat qilish va davlatga foyda keltirish. U o‘tmishdagi xatolaridan pushaymonligini ochiq ifoda qilib, oilasiga yetkazilgan qiyinchiliklarni esladi.
“Endi yoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsin. Prezidentimiz sharoit yaratib beryaptilar: tadbirkorlik qilish, o‘qish, farzandlarimizning ta’lim olishi imkoniyati bor. Shuni eslataman — qonunni hurmat qilish, davlatga foydamiz tegishi, zararimiz tegmasligi muhim. Oilamiz, qarindoshlarimiz oldida mas’uliyatimizni his qilaylik”, — deydi Qudratullayev.







