AQSH yaqin kunlarda Eronga zarba berishi mumkin
Tramp maʼmuriyatida Eron masalasi bo‘yicha ikki fraksiya shakllangan.

Oq uyda bo‘lgan yig‘ilishda Eronga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish qarori qabul qilingan va hujum kelasi hafta boshidayoq amalga oshirilishi ehtimoli mavjud. Bu haqida Bild nashri AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq ofitseri Kiriakuga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Tramp maʼmuriyatida Eron masalasi bo‘yicha ikki fraksiya shakllangan. Vitse-prezident Jey Di Vens hamda AQSH razvedkasi rahbari Tulsi Gabbard Eronga zarba berishga qarshi chiqmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio, Pentagon rahbari Pit Hegset hamda Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi esa harbiy amaliyot variantini qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQSH rasmiylari hozircha bu masalaga izoh bergani yo‘q, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha diplomatik muzokaralar esa davom etmoqda.







