O'zbekiston

Yirik korxonalarda energiya sarfi kamida 10 foizga kamaytiriladi

Prezident energiya samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yirik korxonalarda energiya sarfi kamida 10 foizga kamaytiriladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

 

Tanqidiy tahlil ruhida oʻtgan yigʻilishda qayd etilganidek, mamlakatimizda elektr energiyasi boʻyicha jami generatsiya quvvatlari 25,8 ming megavattga yetdi. Shundan quyosh, shamol va gidroenergetika 8 ming megavattni, yaʼni umumiy hajmning 31 foizini tashkil etmoqda. 2026-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan boʻlib, bu 2020-yilga nisbatan 40 foiz oʻsish demakdir.

 

Joriy yilda iqtisodiy oʻsish hamda tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarining oshishi hisobiga elektr isteʼmoli yana 1 milliard kilovatt-soatga ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni koʻpaytirib, yirik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida belgilandi.

 

Bugungi kun holatiga koʻra, yoqilgʻi-energetika majmuidagi investitsiya portfeli 133 ta loyihani qamrab olgan boʻlib, umumiy qiymati 51,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shundan 43 milliard dollarlik 73 ta yirik loyiha boʻyicha tizimli yondashuv qilib, yil yakuniga qadar 6 ming 770 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu 2,8 ming megavatt quyosh, 2,5 ming megavatt issiqlik, 470 megavatt shamol, 68 megavatt gidroenergetika quvvatlari hamda 884 megavatt energiya saqlash tizimlaridir.

 

Biroq ayrim loyihalarni kelishish va yer ajratish bilan bogʻliq jarayonlarda turli sustkashliklarga yoʻl qoʻyilayotgani oqibatida mavjud loyihalarni kengaytirish hamda yangilarini boshlash orqaga surilayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga yer ajratish va toifasini oʻzgartirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.

 

Umuman, joylarda energetikani rivojlantirish va energotejamkorlikni taʼminlashda Energetika vazirligi hamda hokimliklar yaqin hamkorlik va muvofiqlashuv asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.

 

Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mahsulotlar ishtirokini yanada kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi. 2025-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy komponent ulushi 737 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilda bu koʻrsatkichni 1 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.

 

Jumladan, oʻtgan yili transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Joriy yilda yangi turdagi kabel va muftalarni, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalarini ishga tushirish, energiya saqlash tizimlarini mahalliylashtirish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.

 

Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortayotgan sharoitda uni isteʼmolchilarga oʻz vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, lekin qoʻshimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari qurilmasa, generatsiya quvvatlarining isteʼmol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish surʼati yetarli emasligi qayd etildi.

 

Shu munosabat bilan yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi “Tolimarjon – Soʻgʻdiyona”, “Sirdaryo – Halqa” va “Qorakoʻl – Nurobod” liniyalarini, 2030-yilga qadar “Yangi Angren – Namangan” tarmogʻi hamda “Namangan” nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi. Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.

 

Qoʻshni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr taʼminotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmogʻi va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

 

Energiya samaradorligi borasida hali koʻp ishlar qilinishi shartligi qayd etildi.

 

Soha va tarmoqlarda 2026-yilda elektr 4 milliard 378 million kilovatt-soat elektr energiyasi, 2 milliard 840 million kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini oʻzgartirmasdan energiya sarfini kamida 10 foizga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 200 million dollar resurs jalb etish choralari belgilandi.

 

Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi. Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini oʻrganib, takliflar kiritish topshirildi.

 

Yigʻilish yakunida Prezident strategik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"