Isroil razvedkasi Tehron kameralarini buzib, Xomanaiy harakatlarini kuzatgan — Financial Times
Olingan tasvirlar shifrlanib, Tel-Aviv va Isroil janubidagi serverlarga uzatilgani aytilmoqda.

Financial Times nashri ma’lum qilishicha, Isroil razvedka xizmatlari Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy harakatlari haqida muhim ma’lumotlarni Tehrondagi yo‘l harakati kuzatuv kameralarini buzib kirish orqali qo‘lga kiritgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, razvedka xodimlari poytaxt Tehron hududida joylashgan kuzatuv kameralariga noqonuniy kirish imkonini qo‘lga kiritgan. Ushbu kameralardan olingan tasvirlar shifrlangan holda Tel Aviv hamda Isroil janubidagi serverlarga uzatilgan.
Ma’lum qilinishicha, kameralardan birining ko‘rish burchagi Xomanaiy qarorgohi joylashgan Paster ko‘chasidagi hududni qamrab olgan. Bu orqali razvedka xizmatlari qarorgoh atrofida avtomobillar qayerda to‘xtashi, xavfsizlik tizimi qanday ishlashi va majmua ichidagi harakatlar tartibini tahlil qilish imkoniga ega bo‘lgan.
Shuningdek, Isroil razvedkasi qarorgoh yaqinidagi o‘nga yaqin mobil aloqa minoralarining ayrim komponentlarini vaqtincha o‘chirib qo‘yishga ham muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda. Natijada telefon orqali qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilganda aloqa tarmog‘i band ko‘rinishiga kelib qolgan va bu Xomanaiyning xavfsizlik xizmatlari tomonidan ogohlantirish signallarini olishga to‘sqinlik qilgan.
Nashr suhbatlashgan razvedka xodimlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, operatsiyadan ancha oldin Isroil razvedka xizmatlari Tehron shahrini batafsil o‘rganib chiqqan.
“Biz Tehronni deyarli Quddusdek yaxshi bilardik. Agar siz bir hududni yaxshi bilsangiz, undagi har qanday g‘ayrioddiy holatni tezda sezishingiz mumkin”, — deya ta’kidlagan manba.
Avvalroq The New York Times gazetasi ham Central Intelligence Agency — AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Xomanaiyni bir necha oy davomida kuzatib kelgani haqida xabar bergan edi.








