Prezident huzurida qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish va zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi
Davlat rahbari O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda O‘zbekiston mudofaa salohiyatini yanada kuchaytirish, harbiy xavfsizlikni taʼminlash hamda ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Yigʻilishda joriy yil 13-yanvar kuni O‘zbekiston Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifalarning bajarilish jarayoni ham koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xavf va tahdidlar paydo boʻlayotgani sharoitida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yigʻilishda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish, harbiy qismlar va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Shuningdek, rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish, harbiy boshqaruv tizimi va tayyorgarlik jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi qayd etildi. Xususan, qoʻshinlar samaradorligini oshirish maqsadida yangi texnologiyalar, jumladan uchuvchisiz tizimlar hamda raqamli boshqaruv yechimlaridan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda harbiy-maʼmuriy sektorlar, poligonlar, harbiy taʼlim muassasalari va moddiy-texnik taʼminot obyektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish hamda zamonaviy qurol-yarogʻ va texnologiyalarni oʻzlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida davlat rahbari O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.








