Erondan uchirilgan dron Ozarbayjonga qulab tushdi
Ozarbayjon mazkur hujumni qat’iy qoralab, Tashqi ishlar vazirligiga Eron elchisi chaqirtirildi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Eronning bir droni Naxichivon avtonom respublikasi aeroporti terminali binosiga, ikkinchisi Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulagan. Hodisa oqibatida 2 kishi jabrlangan.
"Biz Eron Islom Respublikasi hududidan amalga oshirilgan, aeroport binosining shikastlanishiga va ikki fuqaroning jarohatlanishiga olib kelgan ushbu dron hujumlarini qat’iy qoralaymiz", — deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik ushbu hodisa yuzasidan Erondan izoh talab qildi va Ozarbayjon "tegishli javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini" aytdi.







