Tramp AQShning Isroildagi elchisidan kelgan maktubni e’lon qildi
Maktub e’lon qilinishi ortidan ayrim tahlilchilar AQSh tashqi siyosatida diniy qarashlarning roli masalasi muhokama qilinayotganini qayd etmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘ziga yuborilgan maktubni jamoatchilikka e’lon qildi. Maktub muallifi — AQShning Isroildagi elchisi Maykl Hakabi.
E’lon qilingan maktubda elchi Trampni muhim tarixiy qarorlar qabul qilgan yetakchi sifatida ta’riflaydi. Shuningdek, unda Trampning siyosiy faoliyati diniy mazmundagi iboralar bilan ham tavsiflangan. Xususan, elchi ayrim jumlalarda Tramp qarorlari ilohiy iroda bilan bog‘lanishi haqidagi fikrlarni bildirgan.
Hakabining yozishicha, u Isroildagi faoliyati davomida AQSh manfaatlarini himoya qilish va Vashingtonning pozitsiyasini yetkazish vazifasini bajaradi. Maktubda u o‘zini Trampning “ko‘zi, qulog‘i va ovozi” sifatida ta’riflaydi.
Maktub e’lon qilinishi ortidan ayrim tahlilchilar AQSh tashqi siyosatida diniy qarashlarning roli masalasi muhokama qilinayotganini qayd etmoqda. Xususan, AQShning Isroildagi elchixonasini Quddusga ko‘chirish qarori ham ramziy qaror boʻlgani keltirilgan.
"Biz AQShning Yaqin Sharqdagi tashqi siyosati tobora ko‘proq davlat manfaatlariga emas, balki tor doiradagi dindor guruhlarning e’tiqodlariga asoslanayotganining guvohi bo‘lyapmiz", deyiladi e'lon qilingan tahlilda.







