2026-yilda Qashqadaryoda kambag‘allik darajasi 3 foizga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari hamda hududni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Qashqadaryo katta hududi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan sanoati hamda mehnatkash va tadbirkor aholisi bilan yirik iqtisodiy salohiyatga ega hudud ekani ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,8 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 7,2 foizga, xizmatlar sohasi 13,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,3 foizga o‘sdi. 2017–2025-yillar davomida aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,2 barobar oshib, 26,9 million so‘mga yetdi. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi 4,9 foizga, kambag‘allik darajasi esa 6,5 foizgacha kamaydi.
2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga sanoatda 8,6 foizlik o‘sishni ta’minlash, 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 727 million dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada viloyat iqtisodiyoti 8,2 foizga, xizmatlar sohasi 15,9 foizga, qurilish 13,2 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Sanoat tarmog‘ida 1,7 milliard dollarlik 195 ta loyihani ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish orqali iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirish zarurligi qayd etildi. Jumladan, mato va kiyim-kechak, gigiyenik vositalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari, shuningdek fibrosement panellari va devor plitalari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.
Shuningdek, Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi hamda Qarshi “yashil texnologiyalar” sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu hududlarda 2026–2027-yillarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 36 ta loyiha amalga oshiriladi va qariyb 6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish orqali kambag‘allikni qisqartirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu borada 820 milliard so‘mlik kreditlar hamda 52,3 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratish hisobiga 48 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etish va 31 mingta mikroloyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Natijada 2026-yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasini 3,2 foizga, kambag‘allik darajasini esa 3 foizga tushirish maqsad qilingan. Xususan, G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi belgilandi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida chorvachilikni rivojlantirish, yaylov yerlaridan samarali foydalanish hamda ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi qayd etildi. 2030-yilgacha 200 ming gektar, jumladan 2026-yilda 15 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti masalasi hudud uchun dolzarb ekani ta’kidlandi. Joriy yilda 320 kilometr magistral va 3,3 ming kilometr ichki kanallarni betonlash, 70,6 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish belgilangan. Natijada yiliga 800 million kub metr suvni tejash imkoniyati yaratiladi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Hisorak suv omboridan Qarshi shahriga suv yetkazib berish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, turizm salohiyatini rivojlantirish, infratuzilma va ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida Prezident mas’ul rahbarlarga investitsiya va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.







