Toshkentda “Gruziya madaniyati kunlari”: ikki davlat madaniy hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Tadbir O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish va san’at, teatr, kino hamda raqs yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqib, san‘at, teatr, kino va raqs yo‘nalishlarida izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi ushbu aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida 9–11 mart kunlari O‘zbekistonda “Gruziya madaniyati kunlari” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Zamon.uz muxbiri xabar berdi.
Madaniyat kunlari doirasida 9 mart kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Gruziya madaniyat vaziri Tinatin Rukhadze o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro madaniy tadbirlarda o‘zaro ishtirokni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar san‘at festivallarida muntazam qatnashish amaliyotini davom ettirish, jumladan, joriy yil aprel oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan “Lazgi” xalqaro raqs festivalida Gruziya san‘atkorlari ishtirokini ta‘minlash masalasini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, kino sohasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Gruziya Milliy film markazi va O‘zbekiston Kinematografiya agentligi o‘rtasida hamkorlik bitimini imzolash taklifi muhokama qilindi.
Teatr san‘ati yo‘nalishida ham yangi loyihalar rejalashtirilmoqda. Jumladan, Rustaveli nomidagi Gruziya milliy akademik teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Tbilisi xoreografiya maktabi va Toshkent davlat xoreografiya akademiyasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish tashabbuslari ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov gruziyalik hamkasbini Xiva shahrida o‘tkaziladigan “Lazgi” xalqaro raqs festivalida shaxsan ishtirok etishga taklif qildi.
Shu kuni poytaxtdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida “Gruziya madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat madaniyat vazirlari, Gruziyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakillari hamda san‘at ixlosmandlari ishtirok etdi.
“Madaniyatlar muloqoti: O‘zbekiston va Gruziya — asrlar merosi va zamon nafasi” nomi ostida o‘tgan gala-konsertda O‘zbekistonning “Tumor” raqs ansambli hamda Gruziyaning “Erisioni” davlat akademik xalq ashula va raqs ansambli o‘z san‘atlarini namoyish etdi.Mazkur madaniy tadbir ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Madaniyat kunlari dasturi doirasida 10–11 mart kunlari poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy kino saroyida gruzin kinosi kunlari ham tashkil etiladi. Unda “To‘y”, “Soyabon”, “Musiqachilar”, “G‘alati odamlar” kabi turli janrdagi badiiy filmlar tomoshabinlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ma‘lumot uchun, o‘tgan yil iyul oyida Gruziyaning Tbilisi shahrida “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” o‘tkazilib, unda o‘zbekistonlik san‘atkorlar ishtirokida konsert dasturlari hamda kinofilmlar namoyish etilgan edi.







