Qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Bahrayn va AQShdan qaytarildi
Ulardan biri firibgarlikda, ikkinchisi oʻta yirik miqdordagi oʻgʻirlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan

Firibgarlik va yirik miqdordagi o‘g‘irlik jinoyatlarida ayblanib qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijdan mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, firibgarlik jinoyati uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Interpolning Toshkent va Manama shaharlaridagi Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida Bahrayndan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ekstraditsiya ikki davlat vakolatli organlarining muvofiqlashtirilgan ishlari hamda Interpolning xalqaro hamkorlik kanallaridan samarali foydalanish orqali amalga oshirilgan.
Shuningdek, katta miqdordagi o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib qidiruvda bo‘lgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi AQShdan deportatsiya qilingan. Mazkur jarayon Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi axborot ta’minoti hamda AQSh elchixonasi muvofiqlashtirgan qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida amalga oshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar va tomonlar o‘rtasidagi tezkor axborot almashuvi natijasida AQSh vakolatli organlari qidiruvda bo‘lgan shaxsni O‘zbekistonga deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur holatlar xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligining samaradorligini hamda transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro axborot almashuvining muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Qaytarilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq sud oldida javob beradi.








