O‘zbekiston bo‘ylab 13–14-mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Navro‘z bayrami keng ko‘lamda nishonlanadi.
Ma'lum qilinishicha, shu munosabat bilan bayram arafasida barcha hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi.
Xususan, 13–14-mart kunlari umumxalq xayriya hashari tashkil etiladi. Hashar doirasida respublikaning barcha hududlari, ko‘cha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlar chiqindilardan tozalanadi, daraxtlar parvarishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi tashkil etilib, barcha belgilangan hududlarda daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqaziladi.







