Eron 22 kundan beri internetsiz qolmoqda
AQSh va Isroilning Eron hududidagi harbiy harakatlari internet uzilishiga sabab bo‘ldi.

Eronda internet aloqasi 500 soatdan ortiq vaqt davomida deyarli to‘liq uzilib qolgan. Bu haqda xalqaro internet monitoring xizmati NetBlocks xabar berdi.
Tashkilotning bayonotida, “528 soat o‘tdi va Eron internetsiz 23-kuniga kirmoqda”, deyiladi.
Internet uzilishi mintaqada harbiy vaziyatning keskinlashishi fonida yuz bergan. 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, natijada Tehron va boshqa shaharlar hujumlarga uchragan. Bunga javoban Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi Isroilga qarshi keng ko‘lamli operatsiya e’lon qilgan.
Shuningdek, Bahrayn, Iordaniya, Qatar, Quvayt, BAA va Saudiya Arabistoni kabi mintaqadagi bir qator mamlakatlardagi AQSh nishonlariga ham zarbalar berilgan.
Natijada, Eronda fuqarolar va bizneslar global internet tarmog‘idan uzoq vaqt davomida ajralgan, bu esa mintaqadagi axborot oqimini chekladi va xalqaro aloqalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.







