Yangi imkoniyatlar eshigi: investitsiya va moliya tizimidagi muhim o‘zgarishlar
Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va xalqaro kapitalni keng jalb qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashib, investitsiyalarni jalb qilish tobora qiyinlashyapti. Shunday sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va xalqaro kapitalni keng jalb qilish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda mamlakatda uchta muhim yo‘nalishga alohida eʼtibor qaratilmoqda:
- Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish;
- Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini rivojlantirish;
- islomiy banking xizmatlarini joriy etish.
Xalqaro moliya markazlari dunyoda investitsiyalarni jalb qilishning eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Masalan, Singapur, London va Gonkong shu kabi markazlar orqali har yili yuzlab milliard dollarlik sarmoya jalb qilib kelmoqda.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar markazi orqali yetakchi texnologik kompaniyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Islomiy moliya xizmatlarini joriy etish esa iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalar oqimini taʼminlab, moliyaviy xizmatlar turini kengaytirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yo‘nalish orqali iqtisodiyotga kamida 1 milliard dollar qo‘shimcha investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati mavjud.
Bu tashabbuslar natijasida mamlakatga yangi investitsiyalar kirib keladi, iqtisodiyotda raqobat va texnologiyalar rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar aholi daromadlarining o‘sishiga, zamonaviy xizmatlar kengayishiga va iqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.







