O‘zbekistonda Superliga va Proliga klublari daromad solig‘idan ozod etildi
Klublar 2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelga qadar bo‘lgan davrda daromad solig‘ini to‘lamaydi.

O‘zbekistonda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Bu haqda Prezidentning tegishli qarorida ko'zda tutilgan.
“Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq klublar 2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelga qadar bo‘lgan davrda daromad solig‘ini to‘lamaydi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Shuningdek, Superligada ishtirok etuvchi 16 ta klubning har biriga 35 milliard so‘mdan ajratilishi belgilangan. 2027 yilda bu mablag‘ 30 milliard so‘mga, 2028 yilda esa 25 milliard so‘mga tushiriladi.
Qarorga ko‘ra, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
2026-yil 1-apreldan sport federatsiya (uyushma)si faoliyati bilan bog‘liq yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkorni sport federatsiya (uyushma)larining ijro organlariga kiritish yo‘lga qo‘yiladi. Professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.








