Avstraliya yonilg‘i solig‘ini ikki baravar kamaytiradi
Soliqning kamaytirilishi benzin narxini arzonlashtirib, haydovchilarga pul tejash imkonini beradi.

Avstraliya hukumati global energetika inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda benzin va dizel yoqilg‘isiga qo‘yiladigan aksiz solig‘ini vaqtincha ikki baravar kamaytirishini e’lon qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Mamlakat bosh vaziri Antoni Albanezining ma’lum qilishicha, mazkur choralar 1-apreldan 30-iyungacha amal qiladi va energiya narxlarining oshishi tufayli aholiga tushayotgan moliyaviy bosimni yumshatishga qaratilgan.
Vazirga ko‘ra, soliqning kamaytirilishi benzin narxini har litr uchun 26,3 Avstraliya senti (0,18 dollar)ga arzonlashtiradi va 65 litrli bakni to‘ldirishda haydovchilarga qariyb 19 Avstraliya dollari (13 AQSh dollari) tejash imkonini beradi.
Qaror xom neft narxi bir barrel uchun 116 dollardan oshib, so‘nggi ikki haftadagi eng yuqori darajaga chiqqan paytda qabul qilindi. Narxlarning keskin oshishiga AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonidagi keskinlik sabab bo‘layotgani qayd etilmoqda.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, hukumat og‘ir yuk transport vositalari uchun to‘lovlarni ham uch oyga to‘xtatadi.
Shu bilan birga, Avstraliya qayta ishlangan yonilg‘ining qariyb 80 foizini import qilishi bois global bozor tebranishlari mamlakatga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda.
Raqobatni nazorat qiluvchi organ ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining oxiriga kelib mamlakatning yirik shaharlarida dizel narxi 10 foizga, benzin esa 8 foizga oshgan.
Avstraliya Milliy avtomobil yo‘llari va haydovchilar assotsiatsiyasi vakili Peter Xoury esa soliq imtiyozi yonilg‘i narxlarining umumiy o‘sishini sezilarli darajada qoplamasligini bildirdi. Uning fikricha, asosiy bosim soliqdan emas, balki jahon bozorida neft narxlarining oshishidan kelib chiqmoqda.
Energetika vaziri Kris Boven esa mamlakatda vahimali xaridlar oqibatida 500 dan ortiq yonilg‘i quyish shoxobchalarida ayrim turdagi yonilg‘i tugab qolganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u Avstraliyaning energiya ta’minoti barqarorligini saqlab qolayotganini va zaxiralarda 39 kunlik benzin hamda qariyb 30 kunlik dizel va aviatsiya yonilg‘isi mavjudligini bildirgan.








