Namanganda parrandachilik sohasida 50 mln dollarlik yirik loyiha amalga oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida iqtisodiy rivojlanish, turizm, qishloq xo‘jaligi hamda infratuzilma loyihalarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda viloyatda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida sezilarli o‘sish kuzatilayotgani, Namangan ko‘plab yo‘nalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylanayotgani ta’kidlandi. Xususan, so‘nggi sakkiz yil davomida 40 mingdan ortiq yangi korxona faoliyat boshlagan. Natijada ishlab chiqarish hajmi 6 barobar oshib, 40 trillion so‘mga yetdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 8,2 foizga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion so‘m, xizmatlar hajmi 56,3 trillion so‘mni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan bo‘lsa, eksport hajmi 916 million dollarga yetgan.
Davlat rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, yangi “o‘sish nuqtalari”ni ishga tushirish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyatda iqtisodiyotni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilandi. Turizm eksportini 1,7 barobar ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni esa 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 3,5 foizga, kambag‘allikni esa 2,5 foizga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda sun’iy intellekt asosida hududiy salohiyatni tahlil qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Norin tumani misolida investitsiyalarni ikki barobar oshirish, sanoatni 10,4 foizga, eksportni esa 35 foizga ko‘paytirish imkoniyatlari aniqlangani ta’kidlandi. Endilikda ushbu yondashuvni viloyatning barcha tumanlarida qo‘llash topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi. Shu maqsadda viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bog‘ o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil etish hamda 8 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining “Sabzazor” massivida qiymati 547 million dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi ta’kidlandi. Hozirga qadar ushbu hududda 215 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilgan.
Viloyatda axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida qiymati 20 million dollarlik zamonaviy IT-park binosini qurish taklifi bildirildi. Mazkur loyiha xalqaro IT-kompaniyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda startap ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davlatobod tumanini “Aqlli shahar”ga aylantirish, Namangan davlat texnika universiteti bazasida sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi hamda startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligida 2026–2027-yillarda 3948 gektar maydonda yangi bog‘ va tokzorlar barpo etish, 1,3 million dona ko‘chat ekish hamda 1,5 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Parrandachilik sohasida qiymati 50 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Natijada yiliga 813 million dona tuxum va 2 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.
Turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Pop tumanida Arashan ko‘llari atrofida zamonaviy turizm majmuasi, Qamchiq dovonida “Qamchiq Mountain Resort” xalqaro tog‘ dam olish zonasi, Chodak qishlog‘ida turizm markazi hamda Nanay hududida sun’iy ko‘l barpo etish loyihalari taklif etildi.
Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida Namangan shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlarini markazlashgan oqova suv tarmoqlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz viloyatning mavjud iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.







