Ilk bor Toshkentda “Yoshlik bahori” forumi start oldi
600 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirokida madaniyat va san’at sohasidagi yirik forum boshlandi

2026-yil 1–4-aprel kunlari Toshkent shahrida ilk bor “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi tashkil etilmoqda. Bu haqda Zamon.uz muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur forumda yurtimizning madaniyat va san’at sohasida ta’lim olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 600 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda.
Forumning tantanali ochilish marosimi 1-aprel kuni poytaxtdagi “Renessans” kino uyida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi hamda forumning dastlabki kunida qator ma’rifiy va motivatsion uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov bilan xorijda o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilish mavzusida ochiq muloqot, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov hamda vayner Akmal Mirzo ishtirokida motivatsion sessiyalar, shuningdek, “Ijodkor yoshlar imiji” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda 300 nafardan ortiq yoshlar faol qatnashdi. Kun yakunida ishtirokchilarga “Mutolaa” va “Ibrat farzandlari” mobil ilovalarining 1 yillik Premium obunalari taqdim etildi.

To‘rt kun davom etadigan forum dasturi yosh ijodkorlar uchun keng qamrovli tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Jumladan, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar tanlovi, “Xush kayfiyat” respublika yosh askiya va qiziqchilar ko‘rik-tanlovi, “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari festivali, “Folk party” folklor jamoalari festivali, “Yosh balet ijrochilari” respublika tanlovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yosh teatr rejissyorlari va aktyorlari uchun seminar-treninglar, ochiq muloqot uchrashuvlari, tajribali ustozlar ishtirokida mahorat darslari, motivatsion sessiyalar, “Yangi O‘zbekistonda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy-madaniy omillari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman, “Sumalak sayli”, shuningdek, yakuniy gala-konsert va taqdirlash marosimi ham tashkil etiladi.

Mazkur forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad — madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik muhitini mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, yoshlar orasida professional ijodkorlar tarmog‘ini shakllantirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda kelgusida davlat miqyosidagi tadbirlarga jalb etiladigan salohiyatli kadrlar zaxirasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmoniga muvofiq tashkil etilmoqda. Ushbu hujjatga asosan, har yili “Yoshlik bahori” va “Oltin kuz” iqtidorli ijodkor yoshlar forumlarini o‘tkazish belgilangan. Shuningdek, forum 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni arafasida tashkil etilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.








