NASA Oyga kosmik kemani muvaffaqiyatli uchirdi
Artemis II missiyasi doirasida Oyga 4 nafar astronavt yuborildi.

NASA Artemis II missiyasi doirasida bortida 4 nafar astronavt bo‘lgan Orion kosmik kemasini Oyga muvaffaqiyatli uchirdi, bu 1972-yilda Apollon dasturi tugaganidan beri Oyga yuborilgan birinchi odamlar ishtirokidiga parvozdir.

322 fut (qariyb 98 metr) balandlikdagi kosmik uchirish tizimi raketasi Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazidan AQSH Sharqiy sohili vaqti bilan 1-aprel soat 18:35 da (O‘zbekistonda 2-aprelga o‘tar kechasi) uchirildi. Raketa bortida to‘rt nafar astronavt bo‘lgan Orion kapsulasi 10 kunlik missiyaga yo‘l oldi.
Mazkur missiya Oyga qo‘nishni ko‘zda tutmaydi. Kapsula “erkin qaytish” trayektoriyasi bo‘ylab harakatlanib, Oy atrofidan aylanib o‘tadi va Yerga qaytadi. Ushbu parvoz kelgusida amalga oshiriladigan Oyga qo‘nish missiyalari uchun kosmik kemaning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Missiya komandiri Rid Vizeman uchirilgandan ko‘p o‘tmay Oy tomonga yo‘l olinganini ma’lum qildi.

Uchirish jarayonida avval qayd etilgan texnik muammolar, xususan vodorod sizib chiqishi ehtimoli muhandislar tomonidan nazorat qilindi va jiddiy nosozliklar aniqlanmadi. Shuningdek, akkumulyator sensorlari hamda favqulodda vaziyatlarda raketani yo‘q qilish tizimi bilan bog‘liq muammolar ham bartaraf etildi.
Dastlab uchirish fevral va mart oylariga rejalashtirilgan edi, biroq texnik nosozliklar sabab kechiktirilgan. Bundan oldin esa missiya 2024-yil noyabriga belgilangan, ammo Orion kapsulasining issiqlik qalqoni bilan bog‘liq tekshiruvlar tufayli ortga surilgan edi.
Missiyada uch nafar NASA astronavti va bir nafar kanadalik mutaxassis ishtirok etmoqda. Ularning barchasi kosmik parvoz tajribasiga ega bo‘lib, faqat kanadalik astronavt uchun bu Oy atrofidagi ilk safar hisoblanadi.
Rejaga ko‘ra, Orion kapsulasi 6-aprel kuni, ya’ni missiyaning oltinchi kunida Oyga yetib boradi. U Oy yuzasiga 6,5 mingdan 9,6 ming kilometrgacha yaqinlashib, so‘ng Yerga qaytadi. Missiya 10-aprel kuni Tinch okeanida suvga qo‘nish bilan yakunlanishi kutilmoqda.
10 kunlik parvoz davomida ekipaj dastlab Yer orbitasida tizimlarni tekshiradi, so‘ng Oy tomon yo‘naladi. Oyga yaqinlashgach, astronavtlar skafandrlarni sinovdan o‘tkazadi hamda ilmiy va tibbiy tadqiqotlar olib boradi.
NASA'ning keyingi bosqich, Artemis III missiyasi 2027-yilga rejalashtirilgan. Unda Orion kemasi Yer orbitasida Oyga qo‘nish apparatlari bilan tutashib, astronavtlarni Oy yuzasiga olib chiqish texnologiyasi sinovdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.








