Qozog‘istonda aholini bezovta qilgan tilanchilar qo‘lga olindi
Tilanchilar o‘tib ketayotgan fuqarolarning buyumlariga yopishib, ularni tortib olishga uringan, pul bermaganlarga suv sepib, tosh otgan.

Olmaota shahrida fuqarolarga tajovuz qilib, jamoat joylarida tartibni buzgan tilanchilar guruhi aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda QRNews xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda shahar markazidagi ko‘chalar va bog‘larda yurgan qizlar yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. Aholining bildirishicha, ular pul so‘rash bilan cheklanmay, tajovuzkorlik ko‘rsatib, odamlarni qo‘rqitgan.
Ushbu shaxslar o‘tib ketayotgan fuqarolarning buyumlariga yopishib, ularni tortib olishga uringan, pul bermaganlarga suv sepib, tosh otgan.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish joylarida o‘tirganlarning sumkalarini tortib olib qochishga harakat qilgan. Ayrim holatlarda bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgani ham qayd etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va murojaatlardan so‘ng politsiya tomonidan gumonlanuvchilar ushlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan voyaga yetmaganlar Tojikiston fuqarolari ekani aniqlangan. Ular voyaga yetmaganlarni moslashtirish markaziga joylashtirilgan.
Shuningdek, tekshiruv davomida ularning qonuniy vakillari farzandlarini tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Hozirda mazkur shaxslarni Qozog‘iston hududidan chiqarish masalasi mamlakatning migratsiya qonunchiligi asosida ko‘rib chiqilmoqda.








