Rossiya Ukrainaning Kramatorsk shahriga aviabomba tashladi
Hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi.

Rossiya qo‘shinlari 3-aprel, juma kuni kechqurun Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Kramatorsk shahriga navbatdagi aviazarbani yo'lladi. Hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda DW xabar berdi.
Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida og‘ir jarohatlar tufayli shifoxonada vafot etgan 16 yoshli o‘smir ham bor. Yana 4 kishi jarohat olgan. Kamida ikkita ma’muriy bino hamda ko‘plab turar joylarga zarar yetgan.
Donetsk viloyati prokuraturasi Kramatorskka 4 ta FAB-250 turidagi fugas aviabombasi tashlanganini ma’lum qilgan. Mazkur holat yuzasidan harbiy jinoyat alomatlari bo‘yicha sudgacha tergov harakatlari boshlangan.
Avvalroq, kun o‘rtalarida ham shahar aviabombalar bilan nishonga olingani, natijada 2 kishi halok bo‘lib, 3 kishi jarohat olgani xabar qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 3-aprel kuni Ukraina hududiga berilgan zarbalar oqibatida jami 14 kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, 4-aprelga o‘tar kechasi Rossiya qurolli kuchlari tomonidan Sumi shahriga ham dron zarbasi berilgan. Mahalliy hokimiyat hujum oqibatida 4 kishi jarohat olganini, ko‘p qavatli uy kvartiralarida yong‘in yuzaga kelganini bildirgan.








