Toshkentda harbiy parad sabab ayrim ko‘chalar vaqtincha yopiladi
Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan harbiy parad o‘tkaziladi.

Toshkent shahrida 4-aprel kuni Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan harbiy parad o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tadbir soat 08:00 da Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hududidan (“Pushkin” metro bekati yaqinida) boshlanib, 12:30 ga qadar davom etadi. Harbiy bo‘linmalar Parkent va Mustaqillik ko‘chalari bo‘ylab tantanali yurish qiladi.
Parad davomida harbiy xizmatchilar Amir Temur jangovar bayrog‘ini ko‘targan holda zamonaviy harbiy liboslar, shuningdek, tarixiy davrga oid kiyim va qurol-aslahalarda saf tortadi. Amir Temur xiyobonida esa teatr sahnalari, faxriy qorovul chiqishlari, qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmalari hamda harbiy orkestrning maxsus dasturi namoyish etiladi.

Tadbir yakunida harbiy bo‘linmalar Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali boshlang‘ich manzilga qaytadi. Shu munosabat bilan 08:00 dan 12:30 ga qadar mazkur ko‘chalarda avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi.








