Yaqin Sharq “oltin davr”ga kirishi mumkin — Tramp
AQSh prezidenti Eron bilan ikki haftalik sulhni “dunyo tinchligi uchun muhim kun” deb baholadi.

Donald Tramp Yaqin Sharq mintaqasi Eron bilan erishilgan sulh fonida yangi bosqich — “oltin davr”ga kirishi mumkinligini ta’kidladi.
AQSh prezidenti bu fikrni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bildirib, Eron bilan ikki haftalik sulh bo‘yicha kelishuvni “dunyo tinchligi uchun muhim kun” deb atagan.
Uning ta’kidlashicha, AQSh va Eron o‘rtasida erishilgan vaqtinchalik sulh hamda mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha rejalashtirilayotgan muzokaralar Yaqin Sharqda barqarorlikni mustahkamlashi mumkin.
Tramp, shuningdek, Hormuz bo'g'ozi ochilishi mintaqada iqtisodiy faollikni oshirib, savdo va energetika sohasida ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratishini ta’kidlagan.
“Bu dunyo tinchligi uchun ajoyib kun. Eron ham tinchlikni xohlaydi. Ko‘plab ijobiy harakatlar bo‘ladi. Bu Yaqin Sharq uchun oltin davr bo‘lishi mumkin”, — deb yozgan AQSh prezidenti.
Eslatib o'tamiz, 7-aprel kuni AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’lon qilingan edi. Ushbu qaror tomonlar o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish hamda diplomatik muzokaralar uchun imkon yaratish maqsadida qabul qilingan.








