O'zbekiston

Jomboy tuman IIB sobiq boshlig‘i jinoiy jazoga tortildi

3 yilga yaqin Jomboy tuman IIBni boshqargan O‘ktam Xoliqov sudlandi. U tumandagi faoliyati davomida mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilgan. Xususan, chorvachi ayoldan qariyib 100 mln so‘mga 6 bosh qoramol sotib olib, uning pulini bermay yurgan. Ayol pul mablag‘ining bir qismini sud orqali olgan.

Jomboy tuman IIB sobiq boshlig‘i jinoiy jazoga tortildi

Samarqandda IIB boshlig‘i mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish va firibgarlikda ayblanib jazoga tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

 

 

 

 

Mayor O‘ktam Xoliqov Jomboyga kelishidan oldin Samarqand tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.   2022 yilda Jomboy tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.  2023 yilda lavozimga tasdiqlanib, 2025 yil 8 aprelga qadar faoliyat yuritgan. 

 

“Mehribon” boshliq

 

2025 yil, 12 fevral. Odatiy ish kuni. Xoliqov qo‘l ostidagi profilaktika inspektoriga MJtKning 183-moddasi bilan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan shaxsni xizmat xonasiga olib kelishni buyuradi. Inspektor Jonibek Sattorov ikki huquqbuzar borligini, biri mayda bezorilik qilgan Ramziddin Aktamov va hujjatsiz, mast holda avtomobil boshqargan Muhiddin Azimov borligini aytadi. Shunda Xoliqov Aktamovni xonasiga kiritib qo‘yishni, Azimovni esa maxsus bo‘limga joylashtirishni topshiradi. Inspektor topshiriqni bajaradi. U Aktamovga qo‘llangan qaror ijrosi kimga yuklatilganini bilmasdi. Oradan vaqt o‘tib, Sattorov Xoliqov ixtiyorida qolgan huquqbuzar IIB binosidan qochib ketganligini biladi. Inspektor boshliqning muruvvat ko‘rsatganidan kechroq xabar topadi. Lekin Aktamov 2 kun o‘tib ushlanadi va qaror ijrosi taʼminlanadi.

 

Otboqar

 

Boshliqning qo‘shnisi otboqar bo‘ladi. U Xoliqovning 4 ta otiga qarab yuradi.  Uning tanishi  2025 yil 11 yanvar kuni “Jiguli”da Bulung‘ur tumanida YTH sodir etadi, unda bir fuqaro jarohat oladi va shifoxonaga yotqiziladi. “Jiguli” esa jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Shundan so‘ng, fuqaro otboqarga sim qoqib, avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarish hamda jabrlanuvchining daʼvosidan voz kechtirish uchun yordam so‘raydi.  Otboqar uni Behruz ismli shaxs bilan tanishtiradi. Keyin ikkovi Xoliqovning huzuriga borib, holatni tushuntiradi hamda 10 mln so‘m pul evaziga jabrlanuvchining og‘zini yopish va avtomobilni  jarima maydonchasidan chiqarishga ko‘mak istaydi. Xoliqov otboqari bilan yuzma-yuz bo‘lib, Baxtiyor yaxshi bola emasligini, tashkilotlarga ishlashini aytadi. Otboqar u qiyin ahvolda qolganini aytadi. Boshliq buni Bulung‘ur tuman sudyasiga aytib ko‘rishini, hozir jabrlanuvchining o‘zi bilan gaplashish kerakligini bildirib ularni  jo‘natib yuboradi. YTH sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan suhbatlashib moddiy zararni qoplash uchun Behruzning avtomashinasida 10 mln so‘m pul qoldirayotganini bildiradi.

 

Bu vaqtda Xoliqov unga qo‘ng‘iroq qilib, ish sudda ekanligini, yordam bera olmasligini maʼlum qiladi. Shundan keyin u bir necha marotaba Behruzdan pulni qaytarishni so‘raydi. Behruz esa “pulni boshliqdan so‘ra” deya javob qaytaradi. Oradan 3-4 kun o‘tgach, sudlanuvchi pulini o‘zi qoldirgan joydan oladi va sudda Xoliqovga nisbatan daʼvosi yo‘qligini aytadi.

 

“Boshliq mollaringizdan olmoqchi”

 

Bu voqea Xoliqov tuman IIB‘ga boshliq etib tasdiqlanganidan so‘ng ro‘y berdi. Sudda guvoh sifatida qatnashgan Gulchehra Sherboyeva  To‘qqizboy mahallasida  chorvachilik bilan shug‘ullanadi. U 2022 yil aprel oyida mahalladagi 40 nafar shaxsga 74 bosh qoramol olib beradi. 2 yil mobaynida ularning 28 nafari qoramollarning pulini o‘z vaqtida to‘lamaydi. Shundan so‘ng, 2023 yil noyabrida Gulchehra Sherboyeva tuman IIB‘ga ariza bilan murojaat qiladi. O‘ktam Xoliqov masalani shaxsan o‘rganish maqsadida Sherboyevaning mol fermasiga keladi. U qoramollarni ko‘rib, ularga qiziqib qoladi. So‘ngra, IIB xodimi ayolga qo‘ng‘iroq qilib, “boshliq mollaringizdan olmoqchi” deydi. Sherboyeva murojaati o‘rganilishini kutgan edi. Lekin unday bo‘lmadi.

 

Ikki nafar IIB xodimi  fermaga kelib, 6 bosh qoramolni yaʼni 2 tonna 220 kg tirik vaznda 45 000 so‘mdan jami 99 mln 900 000 so‘mga savdolashishadi. Pulini esa 2024 yil yanvar oyiga qadar berishini aytadi. Ayol muddat yaqinlashavergach pulni so‘rab, tuman IIB binosiga bo‘zchining mokisiday qatnaydi. Xodimlar uni turli bahonalar bilan aldab jo‘nataveradi. 2024 yil davomida boshliq ayolga 65 mln 820 ming so‘m pul mablag‘ini qaytaradi. Qolganini tuya qiladi.

 

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas

 

Xoliqov bu ishlar bilan to‘xtamadi. 2024 yil iyun oyida boshliqning otboqari jabrlanuvchi O‘ral Yusupovga  tumanning Quduqli qishlog‘ida joylashgan hokimlik zaxirasidagi 10 gektar yer maydonida birgalikda dehqonchilik qilishni taklif etadi. Yerdan 30 yil muddatda foydalanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun IIB boshlig‘iga 10 000 AQSH dollari tutish lozimligini aytadi. Yusupov unga 10 ming tugul, 5 ming puli ham yo‘qligini bildirgach, “hech bo‘lmasa 4 000 ming dollar berish kerak” deydi. Jabrlanuvchi qo‘shnisidan 50 mln so‘m qarz ko‘tarib, otboqar bilan tuman IIB‘ga boradi. Xoliqov xonasidan chiqib, ularni tuman markaziga yo‘llaydi. Biroz vaqt o‘tib, IIB boshlig‘i xizmat mashinasida o‘zi aytgan joyga boradi. Yusupovga pullarni “polik” ustiga qo‘ydiradi. Keyin otboqariga qarab, “O‘ralni rais qilamiz endi” deya, mashinasini boshqarib ketadi. Biroq, vaʼda o‘z holicha qolaveradi.

 

Kunlardan bir kuni Yusupov elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani fosh bo‘lib, xodimlar tegishli hujjatlar rasmiylashtiradi. So‘ngra, u holat haqida otboqarga xabar beradi. U tayinlangan jarimaning yarmini Xoliqovga bersa, masala hal etilishini aytadi va boshliqqa qo‘ng‘iroq qilib, “O‘ralni elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari jarima qilib ketishibdi, o‘zi bilan 200 AQSH dollari olib yuribdi, shuni ishini hal qilib bering", deydi. Xoliqov rozi bo‘ladi.

 

Ikkovlon tuman hokimligi binosiga chaqiriladi. Boshliq ularni manzilda kutib turardi. Yusupov jarimani bekor qilish uchun 2 mln 500 ming so‘mni 200 dollarga hisoblab “haloskor”ga uzatadi.

 

“Xoliqov mendan pulni olgach, undan  500  mingini  Shahzodga berib o‘zini hisobidan choy ichishimizni aytdi. Keyin u bilan qaytib ketdik. Lekin yer masalasida olgan pullar evaziga vaʼda qilgan 10 gektar yerni olib bermadi va elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari solgan jarimani ham bekor qildirmadi, aksincha elektr tarmoqlari korxonasining qarori majburiy ijroga o‘tib, qo‘shimcha jarimalar solindi, transport vositamga taqiqlar qo‘yildi” - degan u sudda.

 

Shundan so‘ng, Yusupov Xoliqov va otboqar olgan olgan pullarni ulardan talab qilib, o‘rtalarida kechgan suhbatni telefoniga yozib oladi. Ilojsiz qolgan boshliq jabrlanuvchining talabini bajarishdan o‘zga chora topolmaydi.  Moddiy zarar to‘liq qoplanadi, Yusupov sudda Xoliqovga daʼvosiz bo‘ladi.

 

Sud qanday jazo tayinladi?

 

O‘ktam Xoliqov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirdi. Mazkur ish 2026 yil 12 mart kuni JIB Samarqand shahar sudi sudyasi Orif Pardayev raisligida ko‘rib chiqildi. Unda Jomboy tuman IIB‘ning sobiq boshlig‘i O‘ktam Xoliqov 10 mln so‘mni qo‘lga kiritganlik epizodi bo‘yicha oqlandi.

 

Shuningdek, Xoliqov Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va 168-moddasi 3-qismi “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 206-modda 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, 1 yil 6 oy muddatga Ichki Ishlar organlari tizimida moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etildi va 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 

Sud Jinoyat kodeksining kodeksning 62-moddasiga asosan O‘ktam Xoliqovning 2025 yil 29 dekabr kunidan 2026 yil 12 mart kuniga qadar qamoqda saqlanganini hisobga olib, uning  har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirildi va o‘tash uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil-u 10 oy 18  kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi.

 

Sudlanuvchiga qo‘llanilgan  qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, Xoliqov darhol hibsdan ozod qilindi.

 

Jazo ijrosini Samarqand tuman IIB boshlig‘i taʼminlaydigan bo‘ldi. Ot aylanib-aylanib qozig‘ini topadigan bo‘ldi.

 

Sud O‘ktam Xoliqovning otboqariga ham hukm eʼlon qildi. Sudlanuvchi Sh.O. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Garovga qo‘yilgan 10 mln so‘mi uning o‘ziga qaytarilishi belgilandi. Jinoyat oqibatida yetkazilga moddiy zararni qoplash maqsadidia Xoliqov hisobidan jabrlanuvchi Gulchehra Sherboyevaga 34 mln 100 ming so‘m undiriladigan bo‘ldi.

 

Ushbu material sud hujjati asosida tayyorlandi

 

custom img

“Kimyoviy profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda”

Sanepidqo‘mita bolalar orasida meningit kasalligi avj olgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

custom img

O‘zbekistonda uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari beriladi

Ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

custom img

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzlarini undirish tartibi soddalashtirildi

Shuningdek, bir qator qarzdorliklar uchun fuqarolar bank hisoblaridan mablag‘ yechib olish taqiqlandi, ammo ish haqi va pensiyadan undirish saqlab qolindi.

custom img

Nukusda xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda

Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini kashf qilish va uni dunyoga tanish uchun Nukusda Destination Karakalpakstan — 2026 forumi boshlandi.

custom img

Qashqadaryoda Media haftalikning uchinchi kuni bo‘lib o‘tdi

Tadbir davomida ishtirokchilar faqat tinglovchi sifatida emas, balki faol bahs-munozara ishtirokchisi sifatida qatnashdi.

custom img

Farg'onada fuqaro IIO xodimlari sababli vafot etdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga oydinlik kiritildi.

custom img

Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Qaytarilgan bolalar Toshkent aeroportida kutib olinib, oila bag‘riga topshirildi.

custom img

Oʻzbekiston aeroportlari uch oyda qariyb 4 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi

Joriy yilning birinchi choragida aeroportlar 30 mingdan ortiq reysni amalga oshirdi, asosiy ulush xalqaro qatnovlarga toʻgʻri keladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"