Buyuk Britaniya poytaxtida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan forum tashkil etiladi
Tadbir doirasida yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar hamda hamkor tuzilmalar vakillari ishtirokida ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan xalqaro madaniy-ilmiy forum tashkil etiladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Londondagi elchixonasi binosida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda. Ushbu muhim sana munosabati bilan joriy yilning aprel oyi Amir Temur oyi deb e’lon qilingan.
Avvalroq, 8-12-aprel kunlari yubiley tadbirlari doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur hamda Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgan edi. Shuningdek, 22-aprel kuni Madrid shahrida ham olimlar, ekspertlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Londonda bo‘lib o‘tadigan forum ushbu keng ko‘lamli yubiley tadbirlarining mantiqiy davomi bo‘lib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy hamda intellektual aloqalarning davomiyligini namoyon etadi.
Tadbir doirasida yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar hamda hamkor tuzilmalar vakillari ishtirokida ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, YXHT hamda Buyuk Britaniyaning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari ishtirokida madaniy merosni muhofaza qilish, tarixiy artefaktlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, xalqaro huquqiy hamkorlikni mustahkamlash va jahon madaniy merosini asrash masalalari muhokama qilinadi.
Forum doirasida noqonuniy ravishda olib chiqilgan ayrim madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov bu haqda to‘xtalib shunday dedi:
“Yaqinlashib kelayotgan tadbirning eng muhim qismi — noqonuniy ravishda olib chiqilgan madaniy artefaktlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘ladi. Bu holat xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston Prezidentining madaniy merosni qaytarish borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir. Shuningdek, bu madaniy-tarixiy merosni himoya qilish, restitutsiya va insoniyat xotirasini asrash bo‘yicha xalqaro hamkorlik mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Biz shuningdek, Sotheby’s va Christie’s kabi auksionlarda ishtirok etish hamda O‘zbekiston madaniy merosiga oid qator noyob predmetlarni xarid qilish maqsadida bir qator art galereyalarga tashrif buyurishni ham rejalashtirmoqdamiz”.
Bundan tashqari, WOSCU tomonidan nashr etilgan “Dunyo kolleksiyalaridagi O‘zbekiston madaniy merosi” turkumiga kiruvchi “Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosi Kembrij universiteti kutubxonalarida” nomli yangi ilmiy asar taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari ko‘magida tashkil etilmoqda.








