O'zbekiston

Putinning paradiga “ko‘z tegdi”

9-may kuni Qizil maydonda o‘tkaziladigan harbiy parad bu yil boshqalaridan farqli bo‘lishi mumkin. Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda qizil maydondagi parad vaqtida harbiy texnikalar namoyish etilmaydi, shuningdek, mobil aloqa cheklanadi, hatto aloqa tizimlarining ayrim tarmoqlari vaqtincha o‘chirib qo‘yilishi ham mumkin. Bu choralar Kremlning oddiy xavfsizlik choralari emas, balki siyosatshunoslar talqinidagi navbatdagi qo‘rquv alomatlari bo‘lishi mumkin.

Putinning paradiga “ko‘z tegdi”

Rossiya, 9 may va Qizil maydonda har yili o‘tkaziladigan harbiy parad. Bu yilgi parad boshqalaridan farqli bo‘lishi mumkin.

 

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda qizil maydondagi parad vaqtida harbiy texnikalar namoyish etilmaydi, shuningdek, mobil aloqa cheklanadi, hatto aloqa tizmlarining ayrim tarmoqlari vaqtincha o‘chirib qo‘yilishi ham mumkin. Bu choralar Kremlning oddiy xavfsizlik choralari emas, balki siyosatshunoslar talqinidagi navbatdagi qo‘rquv alomatlari. Chunki Rossiya hukumatida ko‘zga ko‘rinadigan baʼzi havotrli signallar chalina boshladi. Bugun sizlarga mana shu signallar, 9 may atrofidagi sulh kelishuvi va Kremldagi havotirlar haqida batafsil maʼlumot beramiz.

 

Joriy yilning 30 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp o‘rtasida kechgan bir yarim soatlik telefon muloqoti xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘ldi. Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, Moskva Ukrainadagi front chizig‘ida G‘alaba bayrami munosabati bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini ilgari surgan.

 

Vashington bu taklifni maʼqullagan bo‘lsada, Kreml devorlari ortida bu yilgi bayramga tayyorgarlik o‘ta ehtiyotkorlik va pinhona hadik ruhida kechmoqda.

 

Har yili Qizil maydonning asriy toshlarini titratib o‘tadigan og‘ir harbiy texnikalar va zirhli mashinalar karvoni bu yil kutilmaganda “safdan chiqarildi”. Mudofaa vazirligi qaroriga ko‘ra, maydonda faqat piyoda qo‘shinlar kolonnasi qadam tashlaydi, ayrim harbiy uchoqlar parvoz qiladi. Bu shunchaki parad formatining o‘zgarishi emas, balki tizim ichidagi chuqur xavotirning tashqi inʼikosidir.

 

Boisi, bayram arafasida Moskvada xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilmoqda. 5, 7 va 9 may kunlari poytaxt osmonida nafaqat dronlar, balki axborot oqimi ham bo‘g‘iladi. Barcha turdagi mobil aloqa xizmatlari cheklanishi, SMS xabarlar yo‘llashning to‘xtatilishi va maxsus “oq ro‘yxat” tizimining joriy etilishi Moskvani virtual blokadaga yaqin holatga keltirib qo‘yadi.

 

Kremlning tashqi dunyoga ko‘rsatadigan  birligi ortida jiddiy siyosiy zilzilalar boshlandi. Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov hamda prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Kremlning “kulrang kardinali” Sergey Kiriyenko o‘rtasidagi ziddiyat endi yopiq eshiklar ortidan tashqariga sizib chiqmoqda.

 

Mojaro markazida — sentyabr oyida kutilayotgan Davlat Dumasi saylovlari va frontdan qaytgan harbiylarning siyosiy hokimiyatga kirib kelish masalasi turibdi. Chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Yagona Rossiya” partiyasi ro‘yxatida Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari uchun 150 ta kafolatlangan o‘rin ajratishni vaʼda qilgan edi.

 

Biroq yopiq muhokamalar davomida maʼlum bo‘lishicha, taklif etilgan nomzodlar orasida asosan frontda jang qilgan askarlar emas, balki faqat rasmiy ravishda armiyaga aloqador bo‘lgan amaldorlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Belousov bu ro‘yxatni mustaqil shakllantirishga intilib, harbiylar manfaatini himoya qiluvchi yangi siyosiy figuraga aylanmoqda. Ammo Kiriyenko bunga qarshi chiqmoqda.

 

Taniqli tahlilchi Mixail Zigarning aytishicha, bunday qarama-qarshilik Rossiya oliy hokimiyatida misli ko‘rilmagan holat hisoblanadi.

 

“Birinchi marta saylov strategiyasi va ro‘yxatlar shakllantirish bilan umuman shug‘ullanmagan shaxs bu jarayonga aralashib, o‘zining ortib borayotgan ommaviy taʼsiriga tayanmoqda”, deya izoh bergan u.

 

Shu fon ostida Vladimir Putin murakkab tanlov oldida qolmoqda. Bir tomondan, saylov jarayonini nazorat qilish uchun unga Kiriyenko kerak. U Kremlning asosiy saylov strategi va eng nozik topshiriqlar ijrochisi sifatida ko‘riladi.

 

Ikkinchi tomondan esa «ultra-vatanparvarlar» oqimining yangi yulduzi sifatida ko‘rilayotgan Belousov. Uni zaiflashtirish armiya ichidagi kayfiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

 

Ziddiyat faqat mandatlar bilan cheklanmaydi. Bahslar Rossiyada joriy etilishi muhokama qilinayotgan, armiyadan qochgan yoki xizmatdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan “dezertirlar solig‘i” atrofida ham avj olmoqda.

 

Andrey Belousov ushbu soliqdan tushgan mablag‘ni urush mashinasiga yo‘naltirishni talab qilmoqda. Biroq Moliya vazirligi ijtimoiy portlashdan qo‘rqib, tushumlarni xalqqa tarqatishni taklif etmoqda. Hozircha bu kurash qanday yakunlanishi nomaʼlumligicha qolmoqda.

 

Rossiya Mudofaa vazirligi "Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alaba bayrami sharafiga sulh" eʼlon qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ushbu tartib 8 maydan 9 maygacha amal qilishi kerak. Shundan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy frontda 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi boshlanadigan "sukunat rejimi"ni eʼlon qildi.

 

"Ukraina tomoni ushbu namunaga ergashadi deb umid qilamiz", — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligining Telegramʼdagi xabarida. Vazirlik prezident Vladimir Putinning qaroriga tayanmoqda.

 

Ushbu bayonotdan ko‘p o‘tmay, Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi:

 

"Bugungi kunga qadar Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon qilinayotgan jangovar harakatlarni to‘xtatish usullari bo‘yicha Ukrainaga birorta ham rasmiy murojaat bo‘lmadi".

 

"Biz inson hayotini har qanday yubileyni nishonlashdan ko‘ra beqiyos darajada katta qadriyat deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan, 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan boshlab sukunat rejimi eʼlon qilamiz. Hozirgi vaqtdan boshlab sukunat rejimi kuchga kirguniga qadar uni taʼminlash real imkoniyatdir. Biz ko‘rsatilgan vaqtdan boshlab javob tariqasida harakat qilamiz", — deya qo‘shimcha qildi Ukraina yetakchisi.

 

Zelenskiy ko‘rsatilgan vaqt qaysi mintaqaga tegishli ekaniga aniqlik kiritmadi.

 

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida, shuningdek, Ukraina prezidentining Yerevanda o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitidagi so‘zlariga ishora qildi va buni "aynan 9 may kuni Moskvaga zarba berish tahdidlari" deb talqin qildi.

 

"Rossiya 9 may kuni Moskvada harbiy texnikasiz parad o‘tkazilishini eʼlon qildi. Agar bu sodir bo‘lsa, ko‘p yillardan buyon ilk bor ular harbiy texnikani olib chiqishga qurbi yetmayotganini va Qizil maydon uzra dronlar uchib o‘tishidan qo‘rqayotganini ko‘rsatadi", — dedi dushanba kuni Zelenskiy.

 

Sulh haqida xabar berar ekan, Rossiya Mudofaa vazirligi bir vaqtning o‘zida "Kiyev rejimi g‘alabaning 81 yilligini nishonlashni to‘xtatish maqsadida o‘zining jinoiy rejalarini amalga oshirishga urinish qilsa", "Kiyev markaziga yalpi raketa zarbasi" berish bilan tahdid qildi.

 

Zelenskiy ushbu bayonotga shama bilan munosabat bildirdi: "Agar Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning xayrixohligisiz Moskvada parad o‘tkaza olmayman deb hisoblasa, demak, Rossiya rahbarlari urushni yakunlash uchun real qadamlar tashlaydigan vaqt keldi".

 

O‘tgan haftada Rossiya Mudofaa vazirligi "hozirgi tezkor vaziyat munosabati bilan" paradda harbiy texnika ishtirok etmasligini maʼlum qilgan edi. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri ilk bor 9 may kuni Qizil maydondagi paradda harbiy texnika qatnashmaydi. Buning o‘rniga piyoda kolonnalar va aviatsiya guruhlarining ishtiroki rejalashtirilgan.

 

Keyinchalik Kremlda paradda texnika yo‘qligini "terrorchilik xavfi" hamda sana "yubiley bo‘lmagani" bilan izohlashdi.

 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiya tashabbusini g‘arbiy hamkorlarga go‘yoki “konstruktivlik”ni ko‘rsatishga qaratilgan «piar-aksiya» va manipulyatsiya deb atadi. U Ukrainaning tinchlik saʼy-harakatlariga sodiqligini va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bir necha bor bildirganini qo‘shimcha qildi.

Aprel oyi boshida Putin pravoslavlarning Pasxa bayrami munosabati bilan sulh buyrug‘ini bergan edi. O‘shanda o‘t ochishni to‘xtatish 11 aprel soat 16:00 dan 12-aprel yakuniga qadar eʼlon qilingandi. Keyinchalik har ikki tomon bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish tartibini ko‘plab marta buzganlikda aybladi.

 

O‘tgan yili ham Putin 9 may munosabati bilan 72 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini eʼlon qilgan edi. Ukraina Rossiya prezidentining taklifini rasman qabul qilmagan. Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish uch kunlik emas, balki kamida 30 kun davom etishi kerakligini taʼkidlagan edi.

 

Putin tomonidan eʼlon qilingan bir tomonlama sulh boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina rasmiylari Rossiya armiyasini front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish tartibini yuzlab marta buzganlikda aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi ham Ukraina sulhga amal qilmayotganini bildirgan edi.

 

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 9 may kuni Moskvadagi paradda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. U faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan qisqa uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

 

Fitsoning aytishicha, u “1945 yilda Qizil Armiya tomonidan amalga oshirilgan ozodlik uchun minnatdorlik” belgisi sifatida yodgorlik poyiga gul qo‘yishni rejalashtirmoqda.

 

U, shuningdek, Yevropa Komissiyasi tomonidan qoralangan Rossiyaga borish qaroriga “Men o‘zimni qandaydir vijdon azobi uyg‘onadigan vaziyatga tushib qolishimga yo‘l qo‘ymayman”, - deya izoh bergan.

 

Avvalroq Estoniya, Litva va Latviya Slovakiya bosh vaziri uchun o‘z havo hududlarini yopishini maʼlum qilgan edi. Bunga javoban Fitso Rossiyaga tashrif buyurish uchun muqobil yo‘l topishga vaʼda bergan. Shundan so‘ng Chexiya Slovakiya bosh vazirining Moskvaga tashrifi uchun o‘z havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan edi.

 

Maʼlumot uchun, 2025 yilda Moskvadagi 9 may paradida 27 ta davlat rahbari, jumladan, Xitoy, Belarus, Kuba, Venesuela, Slovakiya va Serbiya yetakchilari ishtirok etgan edi. O‘shanda Latviya, Estoniya, Litva hukumatlari Robert Fitso va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning samolyotlarini o‘z hududidan o‘tkazishni rad etgan edi.

 

 

custom img

Ohangaron va Shahrixonda ixtisoslashgan charm sanoati zonalari tashkil etiladi

Sohada ishlab chiqarishni kengaytirish va 12 ming yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

custom img

Oʻzbekistonda yer osti tunnellari qurish uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

2016–2025-yillar davomida 12 ta noqonuniy chegaradan oʻtuvchi tunnel aniqlangan.

custom img

O‘zbekistonda ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy javobgarlik kuchaytiriladi

Suvni ifloslantirish va daraxtlarni himoya qilmaslik holatlarida katta miqdorda moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

custom img

Toshkentda 15 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Sog‘ligi yomonlashib, boshqaruvni yo‘qotgan haydovchi bir nechta mashinalarga urilib ketgan.

custom img

O‘zbekistonda kartalar o‘rtasida komissiyasiz o‘tkazmalar joriy etilishi mumkin

Bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda SMS-xabarnomalar xarajatlari qayta ko‘rib chiqiladi.

custom img

OTM bitiruvchilaridan diplom himoya oldidan qo‘shimcha hujjatlar talab qilinyaptimi?

Talabalardan o‘zini o‘zi band qilgani to‘g‘risida ma’lumot, rasmiy ish joyidan ma’lumotnoma yoki uch tomonlama shartnoma talab qilinayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berildi.

custom img

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektining nomi yozilgan peshlavha reklama deb hisoblanmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

custom img

O‘qituvchilarning 4 mln oyligi qachon 1000 dollar bo‘ladi?

O‘zbekistonda hamon o‘qituvchi va shifokorlar hamon eng past oylikka ishlamoqda. Bugungi kunda o‘qituvchilarning bazaviy maoshi 5 143 717 so‘mni tashkil etmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"