O‘zbekiston AQSHda o‘rmonlarni tiklash bo’yicha tashabbuslarini taqdim etdi
“Yashil makon” doirasida 1 milliarddan ortiq daraxt ekilgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya AQSHning Nyu-York shahrida o‘tkazilgan BMT O‘rmonlar bo‘yicha forumining 21-sessiyasida ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov ham qatnashdi.

Forumda BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari, vazirlar, xalqaro tashkilotlar va ekologik konvensiyalar ijrochi direktorlari ishtirok etib, global o‘rmon siyosati, BMT O‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasini amalga oshirish, “Global o‘rmonlar hisoboti – 2026”ni tayyorlash hamda o‘rmon sektorini iqlim va suv kun tartibiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Forumning ochilishida so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda o‘rmonlarning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi. U Orol dengizi fojiasi oqibatlari, xususan, qurigan hududning Orolqum cho‘liga aylanganiga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida so‘nggi besh yil ichida mamlakatda 1 milliarddan ortiq daraxt ekilgani, yashil qoplam darajasi 8 foizdan 14 foizga oshgani qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Forum doirasida O‘zbekiston va Kongo Respublikasi tomonidan ilgari surilgan 2027–2036-yillarni BMT shafeligida “O‘rmon barpo etish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, global darajada o‘rmon barpo etish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish, cho‘llanishga qarshi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qurg‘oqchilikka chidamli turlarni rivojlantirish hamda chang va qum bo‘ronlariga qarshi erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish taklif etildi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining 2035-yilgacha 1,5 million gektar maydonda transchegaraviy o‘rmonlar barpo etishni nazarda tutuvchi “Yashil qalqon” mintaqaviy tashabbusi ham taqdim etildi.
Forum doirasida FAO bilan hamkorlikda tashkil etilgan maxsus tadbirda O‘zbekistonda ekologik islohotlar — “Yashil makon”, “Biomeros”, “Toza havo”, “Chiqindidan xoli hudud” va “Ekologik madaniyat” dasturlarining amaliy natijalari ham namoyish etildi.








