Yaponiya noqonuniy yashagan ikki o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Fuqarolar Yaponiyaga o‘qish vizasi bilan kirib, qolish muddati tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmagan.

Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakat hududida noqonuniy yashab kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqarolar Yaponiyaga o‘qish vizasi asosida kirgan. Biroq ularning mamlakatda qonuniy qolish muddati yakunlanganidan so‘ng ham Yaponiyada qolib ketgani aniqlangan. Keyinchalik ular immigratsiya qoidalarini buzgani sababli hibsga olinib, deportatsiya qilingan.
Elchixona “talaba” maqomidagi viza faqat ta’lim olish maqsadida berilishini, undan noqonuniy ishlash yoki mamlakatda qolish vositasi sifatida foydalanish mumkin emasligini ta’kidladi.
Shuningdek, noqonuniy yashash yoki ishlash holatlari aniqlanganda huquqbuzarlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanishi, jumladan, hibsga olish, immigratsiya markaziga joylashtirish va deportatsiya qilish amaliyoti qo‘llanilishi bildirildi.
Diplomatik vakolatxona fuqarolarni “Yaponiyada oson ish” kabi shubhali takliflarga ishonmaslikka hamda qochqinlik maqomi orqali mamlakatda uzoq muddat qolish mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri tushunchalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.








