Jizzaxda soliqdan qarzdorlarning mulklari xatlanmoqda
Shu tariqa mashinalar auksion orqali sotilib, qarzdorliklar qoplanmoqda.

Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash — nafaqat qonuniy majburiyat, balki mamlakat iqtisodiy barqarorligiga qo‘shiladigan muhim hissadir. Soliq qarzdorligini kechiktirish esa jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Jumladan, Majburiy ijro byurosi Forish tumani bo‘limi ish yurituviga “P.g.” MCHJning 60 million so‘m soliq qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjatlari kelib tushgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida jamiyatga tegishli “Labo” rusumli avtomashina xatlovga olindi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, qarzdorlik belgilangan muddatda ixtiyoriy tartibda qoplanmagan taqdirda, qarzdorning mol-mulki xatlov qilinib, auksion savdolariga chiqarilishi mumkin.
Mazkur holatda ham avtomashina auksion orqali sotilib, tushgan mablag‘lar hisobidan mavjud soliq qarzdorligi qoplanishi belgilangan.








