O'zbekiston

Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun 690 mlrd so‘m ajratiladi

“Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali tibbiy tekshiruv, operatsiya va davolash xarajatlarini moliyalashtirish tartibi ham belgilandi.

Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun 690 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, Qurbon hayiti arafasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash hamda xayriya va obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun keng ko‘lamli choralar ko‘riladi.

 

Hujjat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondining bir qator takliflari ma’qullandi.

 

Qarorga muvofiq, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ularni davolash va operatsiya qilish xarajatlari qoplanadi.

 

Bundan tashqari, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilishi belgilandi.

 

Qarorda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, Mehribonlik uylari, oilaviy va kichik hajmli bolalar uylari hamda “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlarning farzandlari va “Taskin Children’s Hospice” bolalar onkologik shifoxonasida davolanayotgan bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, ularni rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, qabristonlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

 

Qarorda qayd etilishicha, tibbiy tekshiruv, davolash va jarrohlik amaliyotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladi. Bunda donorlar xarajatlarini qoplash ham ko‘zda tutilgan.

 

Davolash jarayonlarining tasdiqlangan standartlar va klinik protokollar asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan olib boriladi.

 

Mazkur tadbirlar davlat maqsadli jamg‘armalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi.

 

Bundan tashqari, Qurbon hayiti munosabati bilan muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘ngilli xayriya hasharlari tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun ehson dasturxonlari yozish hamda diniy ta’lim muassasalari va ziyoratgohlarda qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari boshchiligida hududiy kengashlar tashkil etiladi. Ushbu kengashlar mehr-saxovat tadbirlarini manzilli tashkil etish, masjid va qabristonlarni obodonlashtirish hamda qaror ijrosida yuzaga keladigan muammolarni tezkor bartaraf etish bilan shug‘ullanadi.

 

Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali tibbiy tekshiruv, operatsiya va davolash xarajatlarini moliyalashtirish tartibi ham belgilandi. Bemorlarni davolash uchun yo‘llash va ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish ishlari Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “UZINFOCOM” bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar xarajatlari esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ma’lumotnomasi asosida besh ish kuni ichida qoplanadi.

 

Bundan oldin Ramazon oyi munosabati bilan qabul qilingan PQ–67-son qaror doirasida ham “Vaqf” fondiga ayrim kasalliklar bo‘yicha davolanish va operatsiya xarajatlarini qoplash huquqi berilgan edi.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda Qurbon hayiti bilan bog‘liq xayriya va muruvvat tadbirlarining mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntiradi.

 

O‘zA va Milliy teleradiokompaniya qaror mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritadi.

 

Qaror ijrosiga Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Prezident maslahatchisi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Prezident Administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti rahbari Muxiddin Kamilov hamda sog‘liqni saqlash vaziri Elyor Adilov mas’ul etib belgilandi.

 

Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi.

custom img

Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan ham uchrashdi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

“Elektr uzildi” degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi — Shavkat Abdurazzoqov

Namangan viloyati hokimi viloyatda elektr ta’minoti yaxshilangani va yirik energetika loyihalari amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

custom img

Homiladorlik va kasallik nafaqalari “Baraka” ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi

Nafaqa olish uchun bankka borish, alohida hisob ochish yoki qo‘shimcha ariza topshirish talab etilmaydi.

custom img

“Bu sizlarga yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirib, ularga kelgusi faoliyatida yangi kuch va ilhom tiladi.

custom img

COP17: O‘zbekistonda yerlarni tiklash uchun yangi investitsiya tashabbuslari ilgari surildi

Tadbirda Qoraqalpog‘iston tajribasi, yerlarni tiklash loyihalarini moliyalashtirish va yangi ilmiy-amaliy markazlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Cho‘llarni o‘zlashtirgan dehqondan usta-naqqoshgacha — fidoyi yurtdoshlar mukofotlandi

Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonovning dehqonchilikni rivojlantirish va cho‘llarni o‘zlashtirishdagi mehnati alohida e’tirof etildi.

custom img

558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

Shavkat Mirziyoyev barcha yutuqlar xalqning fidokorona mehnati bilan qo‘lga kiritilayotganini ta’kidladi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev o'zbek xalqiga minnatdorlik bildirdi

Prezident Yangi O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillikdagi asosiy natijalarini qayd etdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"