O'zbekiston

Dunyo iqtisodiyotini belgilovchi kompaniyalar Toshkentda yig‘ilmoqda

Laziz Qudratovga ko‘ra, forumda ishtirok etish uchun investorlar ma’lum bir summani to‘lashlari kerak.

Dunyo iqtisodiyotini belgilovchi kompaniyalar Toshkentda yig‘ilmoqda

 

16-18-iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga jahon iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari rivojini belgilab beruvchi 37 ta davlat yirik korporatsiyalarining rahbarlari kelmoqda. Bu haqda 13-iyun kuni Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi binosida vazirlik xodimlari va jurnalistlar ishtirokida xalqaro forum oldidan matbuot anjumanda qatnashgan Zamon.uz muxbiri Shohjahon Majidov xabar qildi.

 

Anjumanda 42 trillion dollarlik aktivga ega global kompaniyalar Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro forumga yig‘ilayotgani vazir Laziz Qudratov tomonidan ma’lum qilindi.

 

Zamon.uz muxbiri forumda qatnashish badali qancha ekanligi hamda davlat va xususiy tashkilotlarning nchtasi iqtisodiy forumda qatnashayotgani haqida vazirga savol berdi.  

 

“Badali har bir qatnashuvchi uchun 500 dollar. Bu raqam xorijiy tajribaga asoslanib belgilangan va biz bu badalni olish nafaqat bu tadbirni tashkillashtirish uchun yig‘ilyapti. Bu orqali biz aniq bila olamiz, kim aniq O‘zbekistonga keladi. To‘lagandan keyin, albatta keladi. Badalni olmasak, biz bitta masalaga uchrashish ehtimoli bo‘ladi. Ya’ni, badalsiz bo‘lsa, ko‘p-ko‘p registratsiya bo‘ladi, lekin tadbirga ko‘plari keyin kelmaydigan soni ham, ehtimoli ham katta bo‘ladi. Shuning uchun, biz buni badal tizimini qildik va badal orqali biz O‘zbekistonga real qiziqish bor investorlarni jalb qilish maqsadini qo‘ydik”, — dedi vazir.

 

Laziz Qudratov Toshkentdagi ushbu yirik iqtisodiy forumda 110 dan ortiq davlat tashkilotlari va 3000 ziyod xususiy o‘zbek kompaniyalari, tadbirkorlari ishtirok etishini ma’lum qildi.

 

Uning aytishicha, barcha vazirliklar, idoralar, uyushmalar, qo‘mitalar, barcha korxona, barcha tashkilot investorlar bilan ishlash, investitsiyalarni jalb qilish, ayrim tashkilotlar yangiliklarni olib kelish, texnologiyalarni olib kelish, barcha yo‘nalishlarda tashkil qilingan.

 

Forumning rasmiy ochilishiga qadar ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni 8 316 nafardan oshib, bu borada mutlaq rekord o‘rnatildi. Anjumanda ishtirok etish uchun dunyoning 100 ta mamlakatidan 3 423 nafar xorijiy delegat poytaxtimizga tashrif buyurmoqda.

 

Toshkentga BlackRock, JPMorgan Chase, Visa, Masdar, Airbus va Meta kabi jahonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurmoqda.  Shuningdek, forumda 2 780 nafardan ortiq biznes yetakchilari qatnashadi. Forumning yuqori siyosiy maqomi unda 62 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok etayotgani bilan ham ahamiyatli. Ochilish marosimida yetti davlat rahbari va bosh vazirlarining nutq so‘zlashi kutilmoqda.

 

Bu yil forum dasturi qariyb ikki barobar kengayib, sun’iy intellekt, “yashil” energetika, logistika va strategik xomashyo masalalariga bag‘ishlangan 79 ta tadbirni qamrab olgan.

 

Vazirlikka ko‘ra, 2026-yilgi forum uchun tanlangan bosh shior hozirgi geosiyosiy o‘zgarishlar va ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar davrida global kapitalning barqarorlik hamda istiqbolni aniq ko‘ra olishga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ifodalaydi.

 

“Forum dasturi uchta asosiy o‘lchov atrofida qurilgan bo‘lib, birinchidan, yangi ufqlar yo‘nalishida geologiya, muhim xomashyo resurslari, «yashil» energetika va sun’iy intellekt bozorlariga kirish ko‘zda tutilgan. Ikkinchidan, yangi sheriklik doirasida mintaqaviy ittifoqlar tuzish hamda Fors ko‘rfazi, Osiyo va Yevropaning yirik suveren jamg‘armalari kapitalini jalb qilishga urg‘u beriladi. Uchinchidan, barqaror muhit o‘lchovi orqali O‘zbekistonni uzoq muddatli investitsiyalar maskaniga aylantirayotgan institutsional islohotlar, qonun ustuvorligi va huquqiy va iqtisodiy muhitning daxlsizligi namoyish etiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

 

Mazkur xalqaro forumni mahalliy OAV bilan bir qatorda dunyoning 41 mamlakatidagi 123 tahririyatda kelgan 209 nafar xorijiy journalist yoritib boradi. Xususan, Bloomberg, Reuters, Nikkei, Euronews, BBC News, CGTN, TRT, The Independent va Xinxua kabi nufuzli agentlik jurnalistlari ham faol ishtirok etadi.

custom img

O‘zbek va qirg‘iz turoperatorlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi

Tomonlar o‘zaro turistlar oqimini oshirish, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

custom img

Toshkent–Nurafshon yo‘lining bir qismi 21 iyulgacha yopiladi

Cheklov yangi qurilayotgan ko‘prikdan boshlanib, O‘rta Chirchiq tumanidagi Avangard aholi yashash hududigacha bo‘lgan masofani qamrab oladi.

custom img

Salomatligingiz va tabiatni asrang: Ekologiya qo‘mitasi muhim ogohlantirish bilan chiqdi

Havo harorati ayrim hududlarda 48 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani sababli qo‘mita fuqarolarni o‘z salomatligi, daraxtlar va hayvonot dunyosini asrashga chaqirdi.

custom img

Afg‘oniston vazirligi O‘zbekiston haqidagi bahsli bayonotlarni rad etdi — TIV

Avvalroq fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirining O‘zbekistonda Islom faqat nomigagina qolganini aytgani haqida xabar tarqalgandi.

custom img

Farg‘onada kuchli zilzila bo‘ladimi?

Farg‘ona vodiysida yaqin kunlarda kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqidagi xabarlarga O‘zR Fa oydinlik kiritdi.

custom img

Eng faol 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot beriladi

Yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum joriy yilda 1,6 trillion so‘mga, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mga yetkaziladi.

custom img

Mahallalardagi sustkashlik uchun 152 nafar rahbar ishdan olindi

Prezident yig‘ilishida 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanmagani tanqid qilindi.

custom img

Mahalla raislariga yerlarni auksionga chiqarish vakolati beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, mahalla raislari xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vakolatiga ega bo‘ladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"