Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun 150 million dollar ajratadi
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichi umumiy byudjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Qolgan mablag‘lar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va O‘zbekiston tomonidan ajratiladi.

Jahon banki O‘zbekistonda Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 150 million dollar miqdoridagi imtiyozli kreditni ma’qulladi. Dastur qishloq hududlaridagi infratuzilma va davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, shuningdek, aholi uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, dastur Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi.
Loyiha umumiy qiymati 340 million dollarni tashkil etib, uning 150 million dollari Jahon banki, 120 million dollari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va 70 million dollari O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisining qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab hududlarda sifatli yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, ta’lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yetarli darajada emas. Mazkur omillar tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish dasturining birinchi bosqichi 2019-yilda boshlangan bo‘lib, 2026-yil iyun oyiga qadar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.
Ular doirasida 340 dan ortiq yo‘l, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, qariyb 100 ta maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 10 ta ko‘prik qurildi yoki modernizatsiya qilindi. Natijada qariyb 1 million nafar qishloq aholisi, jumladan ayollar foyda ko‘rdi.
Dasturning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, loyihalarni tanlash va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish jarayonlarida mahalla aholisi bevosita ishtirok etadi. Mahalla rivojlantirish bo‘linmalari tarkibining kamida yarmi ayollardan iborat bo‘lishi belgilangan.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘lim direktori Naji Benhassinning ta’kidlashicha, yangi bosqichda infratuzilmani rivojlantirish bilan birga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
2031-yilgacha davom etadigan dastur natijasida qariyb 1,2 million nafar qishloq aholisi, jumladan 600 ming ayol va 300 ming yoshning yashash sharoitlari yaxshilanishi kutilmoqda.
Shuningdek, 15 ta tajriba mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus markazlar tashkil etiladi. Bu tashabbuslar hisobiga 1,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dastur qishloq xo‘jaligi hamda mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bilan birgalikda loyiha hududlaridagi mahallalarda qariyb 25 mingta yangi va nisbatan yuqori maoshli ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi.








