Toshkentda 235 mln so‘mdan ortiq aliment undirildi
Ota qarzdor yuqori daromadli ish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, amalda to‘lab kelayotgan aliment mablag‘lari uning haqiqiy daromadiga mutanosib emasligi aniqlangan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2019 yil 5 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor A.S.dan undiruvchi M.T. foydasiga farzand taʼminoti uchun ish haqining 2/10 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Mazkur ijro hujjati 2026 yil 27 aprel kuni Byuroning Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlari qayta o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida qarzdor yuqori daromadli ish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, amalda to‘lab kelayotgan aliment mablag‘lari uning haqiqiy daromadiga mutanosib emasligi aniqlangan.
Aliment qarzdorligi qayta hisob-kitob qilinganda qarzdorning 2019 yil sentyabridan 2026 yil iyun oyiga qadar jami 235 million 613 ming 908 so‘m aliment qarzi to‘plangani maʼlum bo‘lgan.
Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga bir necha bor qonun talablari tushuntirilib, aliment to‘lovlari farzandning qonuniy huquqi ekani, qarzdorlikni bartaraf etish zarurligi hamda aks holda qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Biroq qarzdor turli bahonalarni ro‘kach qilib, qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda qoplashdan bosh tortib kelgan.
Shundan so‘ng davlat ijrochisi tomonidan qatʼiy ijro choralari ko‘rilgan. Qarzdorning bank tizimida faoliyat yuritishi aniqlanib, u ish joyidan Byuroning Shayxontohur tuman bo‘limiga olib kelingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Keyinchalik unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-4-moddasiga asosan to‘plangan hujjatlar sudga kiritilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarori bilan qarzdorga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Aynan shu chora qo‘llanilgandan keyin qarzdor o‘z majburiyatining jiddiy oqibatlarini anglab yetgan. U qisqa vaqt ichida mablag‘ topib, qariyb 20 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 235 million 613 ming 908 so‘m aliment qarzdorligini to‘liq qoplagan.
Undirilgan mablag‘lar to‘liq ravishda undiruvchiga topshirilgan va bu haqda belgilangan tartibda tilxat rasmiylashtirilgan.








