O'zbekiston

Qurilish materiallari sanoatidagi 457 korxona moliyaviy sog‘lomlashtiriladi

2040-yilgacha quriladigan uy-joylar sonini ikki barobarga oshirib, yiliga 280 mingta uy-joy barpo etish, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 61 tadan 120 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Qurilish materiallari sanoatidagi 457 korxona moliyaviy sog‘lomlashtiriladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, ichki bozor talabini qondirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yirik investitsiya loyihalaridagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq, 2040-yilgacha quriladigan uy-joylar sonini ikki barobarga oshirib, yiliga 280 mingta uy-joy barpo etish, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 61 tadan 120 taga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Bugungi kunda mamlakatda har yili 20–25 million kvadrat metr hajmdagi turar joy va tijorat obyektlari foydalanishga topshirilmoqda. Natijada uy-joy va tijorat qurilishining o‘zi yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratmoqda.

 

Davlat rahbari Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlarga qiymati 27 milliard dollarlik yangi infratuzilma loyihalari taklif etilganini ham eslatib o‘tdi.

 

Jumladan, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiq tumanida Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkent hududida 55 ming o‘rinli futbol stadioni hamda 282 kilometr uzunlikdagi Toshkent–Samarqand avtomobil yo‘li kabi yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Ta’kidlanganidek, bunday loyihalarda foydalaniladigan qurilish materiallariga sifat, standart va sertifikatlash bo‘yicha yuqori talablar qo‘yiladi. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik va megaloyihalar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi qayd etildi.

 

Yig‘ilishda investorlar tomonidan yirik loyihalar uchun import qilinadigan qurilish materiallarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha takliflar ilgari surilgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham o‘z mahsulotlari sifat va standartlar bo‘yicha raqobatga tayyor ekanini bildirib, ushbu imtiyozlarni mahalliy mahsulotlarga ham tatbiq etishni so‘ramoqda.

 

Shu munosabat bilan mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga mahalliy hamda import mahsulotlarini yetkazib berishda teng raqobat sharoitlarini yaratishga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

 

Yig‘ilishda soha korxonalarining moliyaviy holati ham tahlil qilindi. Qayd etilishicha, qurilish materiallari sanoatidagi 457 ta korxonaning kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan.

 

Bunga asosiy sabab sifatida ayrim korxonalar mahsulotlarining tannarxi yuqoriligi hamda bozor talablariga to‘liq mos kelmasligi oqibatida raqobatbardoshlikning pasaygani ko‘rsatildi.

 

Prezident mas’ullarga ushbu 457 ta korxonaning faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish va mazkur maqsadlar uchun 50 million dollar mablag‘ ajratishni topshirdi.

 

Ajratiladigan resurslar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahsulot tannarxini kamaytirish va ichki hamda tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"