Jahon

Qirg‘iz–O‘zbek chegaradagi punktlarda 27 nafar xodim qo‘lga olindi

Qo‘lga olinganlar korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Qirg‘iz–O‘zbek chegaradagi punktlarda 27 nafar xodim qo‘lga olindi

 

Qirg‘izistonning Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaradosh “Qadamjay-Avtodorojniy” va “Chechme-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktlarida maxsus operatsiya o‘tkazilib, 27 nafar chegara, bojxona va veterinariya xizmati xodimi qo‘lga olindi.

 

24.kg nashri manbalariga ko‘ra, operatsiya 5-iyul kuni kechqurun Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (GKNB) xodimlari hamda “Alfa” maxsus bo‘linmasi ishtirokida o‘tkazilgan. Qo‘lga olinganlar korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

 

Xabarda aytilishicha, maxsus operatsiya vaqtida nazorat punktlaridan biridagi chegara xodimi to‘rt marta, yana bir harbiy xizmatchi esa bir marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Holat yuzasidan qurol qo‘llanishining qonuniyligi o‘rganilmoqda.

 

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, tintuv davomida ayrim xizmat avtomobillaridan naqd pul mablag‘lari topilgan. Shuningdek, “Chechme-Avtodorojniy” nazorat punktining ikki xodimi noqonuniy pul olayotgani videokuzatuv kameralari orqali qayd etilgani aytilmoqda.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Chechme-Avtodorojniy” punktidan 11 nafar, “Qadamjay-Avtodorojniy” punktidan esa 16 nafar xodim GKNBning Botken viloyati boshqarmasiga olib ketilgan. Bundan tashqari, ikki dona AK-74 avtomati, ikkita o‘qdon va 60 dona o‘q-dori musodara qilingan.

 

Tergov harakatlari sabab nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Natijada chegarada taxminan 3 ming nafar fuqaro va 400 ta transport vositasi navbatda qolgan. Keyinchalik “Qadamjay-Avtodorojniy” nazorat punktida harakat qayta tiklangan.

 

Hozircha Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi mazkur maxsus operatsiya yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"