AQSh Adliya vazirligini Epshteyn ishi bo‘yicha tergovga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda
Nyu-Meksiko prokurori Adliya vazirliginining Epshteyn ishi bo‘yicha muhim hujjatlarni taqdim etmayotganini ma'lum qildi.

AQShning Nyu-Meksiko shtati bosh prokurori Raul Torrez AQSh Adliya vazirligini Jeffri Epshteynning sobiq Zorro Ranch qarorgohi bo‘yicha olib borilayotgan tergovga to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shtat prokuraturasi bir necha oy avval federal hukumatdan Zorro Ranch bilan bog‘liq tergov materiallarini, jumladan, jabrlanuvchilar, guvohlar va ehtimoliy sheriklarga oid tahrir qilinmagan hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. Biroq, Raul Torrezning ta’kidlashicha, oradan qariyb 130 kun o‘tganiga qaramay, ushbu materiallar hali ham to‘liq taqdim etilmagan.
Bosh prokurorning fikricha, federal hujjatlarsiz shtat darajasidagi tergovni to‘liq va samarali olib borish deyarli imkonsiz. U aynan shu materiallar orqali yangi jabrlanuvchilar, voqealarning to‘liq tafsilotlari hamda ehtimoliy sheriklarning shaxsini aniqlash mumkinligini qayd etgan.
AQSh Adliya vazirligi esa ushbu ayblovlarni rad etgan. Vazirlik vakili CNN'ga bergan izohida Nyu-Meksiko prokuraturasining murojaatiga iyun oyida javob berilganini va federal hukumat shtat tergovini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, tergov davomida federal jinoyat alomatlari aniqlansa, ular bo‘yicha alohida surishtiruv o‘tkazilishi va zarur hollarda ayblov e’lon qilinishi mumkinligi ta’kidlangan.
Shunga qaramay, Raul Torrez vazirlikning javobini yetarli emas deb baholagan. Uning ta’kidlashicha, talab qilingan asosiy hujjatlar hanuz taqdim etilmagani tergovning cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Nyu-Meksiko hukumati joriy yil boshida Santa-Fe yaqinidagi Zorro Ranch qarorgohi bo‘yicha mustaqil tergovni qayta boshlagan edi. Qurbonlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Jeffri Epshteyn ushbu ranchda yillar davomida voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur ish yuzasidan shtat parlamenti maxsus “Epshteyn haqiqat komissiyasi”ni tashkil etgan bo‘lib, komissiya bir qator federal idoralardan hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilmoqda.
Raul Torrez vaqt o‘tishi bilan tergov murakkablashib borayotganini, ayrim dalillar yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini va Zorro Ranch allaqachon boshqa egaga sotilganini qayd etgan. Shunga qaramay, u shtat prokuraturasi ishni oxirigacha tergov qilish niyatida ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn 2019-yilda voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va odam savdosi bilan bog‘liq ayblovlar yuzasidan sud jarayoni boshlanishidan avval Nyu-Yorkdagi qamoqxonada vafot etgan.








