Bekoboddagi metallurg qiz Dilnoza Primqulova Zulfiya mukofoti bilan taqdirlandi
Metallurgiya kombinatiga tashrif chog‘ida Dilnoza Primqulova prezidentga bag‘ishlab yozgan she’rini o‘qib bergandi.

O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining Quyuv-prokatlash majmuasi mutaxassisi Dilnoza Primqulova Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 13-iyul kuni Bekobod shahridagi yangi Quyuv-prokatlash majmuasining ochilish marosimida ishtirok etgan edi. Tadbir davomida Dilnoza Primqulova korxonadagi yosh mutaxassislar faoliyati haqida so‘zlab, prezident tashrifiga bag‘ishlab yozgan she’rini o‘qishga ruxsat so‘ragan.
She’rni tinglagan Prezident Shavkat Mirziyoyev unga istisno tariqasida Zulfiya nomidagi davlat mukofotini berishni taklif qilgan va bu bo‘yicha tegishli farmon imzolanishini ma’lum qilgan edi.
14-iyul kuni mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.








